← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Sheʼriy nutq

Sheʼriy nutq – poetik nutq, nazm; muayyan bir oʻlchov (vazn) asosidagi ritmga ega, oʻzining musiqiy jarangi, emotsional-hissiy toʻyintirilganligi bilan farqlanuvchi nutq shakli. Sh.n.dagi oʻziga hos intonatsiya, musiqiylik ritmik boʻlaklar va ritmik vositalar, oʻziga xos fonetik va sintaktik tashkillanish orqali vujudga keladi. Sheʼriy yoʻlda yozilgan lirik asardagi kayfiyatning hosil qilinishi, kechinmaning oʻquvchiga “yuqtirilishi”da uning ritmik-intonatsion tomoni muhim ahamiyat kasb etadi. Yaʼni sheʼrning ritmik-intonatsion xususiyatlari uning mazmuni bilan belgilanadi, mazmun bilan uygʻunlik kasb etadi. Oʻzining kelib chiqishi jihatidan Sh.n. badiiy nutqninng nasriy shaklidan qadimiyroq, aniqrogʻi, oʻz vaqtida u badiiy nutqning yagona shakli boʻlgan. Milliy adabiyotlar tarixining ilk bosqichlarida adabiy asarlar sheʼriy yoʻlda yozilgan, nasrda yozilgan badiiy asarlarning paydo boʻlishi, nasrning badiiy nutq koʻrinishi sifatida shakllanishi esa nisbatan keyingi davrlarga toʻgʻri keladi. Sababi, sheʼriy nutqdagi oʻziga xos tashkillanish uni odatdagi nutqdan keskin farqlaydi va shuning oʻziyoq yetkazilayotgan informatsiya sanʼatga aloqador ekanini taʼkidlab turadi. Zero, nasriy nutq oʻzining qurilishi jihatidan kundalik muloqotda qoʻllaniluvchi nutqqa yaqin, sheʼriy nutq soʻz sanʼatiga xos maxsus hodisadir.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish