← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Sheʼr tizimi

Sheʼr tizimi – maʼlum oʻlchov prinsipiga asoslangan sheʼriy vazn (oʻlchov)lar tizimi, majmui. Sh.t. sheʼr tuzilishining asosini, uning asosiy qonuniyatlarini belgilab beradi. Har bir xalq sheʼriyatidagi Sh.t. oʻsha xalq tilining oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqadi. Mavjud Sh.t.larining hammasida asosiy oʻlchov birligi sifatida boʻgʻin olingan. Boʻgʻin esa, maʼlumki, turli tillarda turlicha sifatiy va miqdoriy koʻrsatkichlarga ega. Shunga koʻra, jahon xalqlari sheʼriyatida mavjud Sh.t.lari boʻgʻinning miqdori (sillabik Sh.t.), urgʻuli yoki urgʻusizligi (tonik Sh.t.), choʻziq yoki qisqaligi (metrik Sh.t.), baland yoki past talaffuz qilinishi (melodik Sh.t.) kabi jihatlarni oʻlchov asosi qilib oladi. Shuningdek, bir yoʻla ikki jihatni asos qilib olgan Sh.t.lari ham mavjud (sillabo-tonik Sh.t., oʻzbek aruzi). Maʼlumki, ilmiy termin muayyan fan tarmogʻi doirasida faqat bitta tushunchani anglatishi maqsadga muvofiq, biroq amaliyotda bundan koʻp chekiniladi. Shunday hol Sh.t. va vazn terminlarini ishlatishda tez-tez kuzatiladi. Mas., biz aniq bir gʻazal haqida “aruz vaznida yozilgan”, adabiyot tarixi haqida gapiraturib esa “aruz vazni musulmon sharq sheʼriyatida yetakchi mavqeni egallagan” deyaveramiz. Haqiqatda esa konkret gʻazal “aruz vazni”da emas, aruzning “falon vaznida” (ramali musammani maqsur, hazaji musammani mahzuf va h.) yozilgan boʻladi, yaʼni vazn konkret sheʼrda namoyon boʻladigan hodisa, u konkret sheʼrning oʻlchovini bildiradi. Shunga binoan, ikkinchi holda “aruz vazni musulmon sharqi sheʼriyatida yetakchi mavqeni egallagan” deyilganda, “vazn” emas, balki vaznlar sistemasi – Sh.t. nazarda tutilgan. Demak, “vazn” termini ham konkret sheʼrning oʻlchovi (metr) maʼnosida, ham Sh.t. maʼnosida ishlatilmoqda va shu bois terminologik chalkashlik yuzaga kelmoqda. Holbuki, Sh.t. muayyan oʻlchov tamoyiliga asoslangan vaznlar majmui boʻlib, mas., “aruz tizimi” deyilganda, misralarda choʻziq va qisqa hijolarning maʼlum tartibda takrorlanib kelishiga asoslangan Sh.t. tushuniladiki, bu tizim yuzlab konkret vaznlarni oʻz ichiga oladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish