← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Sikl

Sikl (yun. kyklos – aylana, gʻildirak) – muallif tomonidan bir necha mustaqil asarning janr, mavzu, personajlar, hikoyachi va sh.k. jihatlardan umumiyligi asosida bitta guruhga birlashtirilishi, turkum. Adabiyotshunoslikda S. masalasida yakdil fikrga kelingan emas. Ayrim mutaxassislar S.ga alohida janr sifatida qaraydilar. Biroq bu holda, birinchidan, S.ni tashkil qilayotgan har biri mustaqil va muayyan janr shakliga ega asarlarni butunning qismi (xuddi asarning bitta bobi kabi) hisoblash kerak boʻladiki, haqiqatda ularning har biri tom maʼnoda mustaqildir. Shunga koʻra, ikkinchidan, S. adabiy asarga xos bir butunlik xususiyatiga ega emas. Yana bir jihati, mavjud S.lar barchasi uchun xos janr xususiyatlarini namoyon qilmaydi: mas., janr jihatidan turkumlangan S.da tematik rang-baranglik, tematik jihatdan turkumlangan S.larda esa janriy rang-baranglik kuzatilaveradi; muallif tomonidan tarkiblangan S.lar ham, noshirlar tomonidan turkumlangan S.lar ham mavjud va h. S.ning koʻrinishlari sifatida qaraluvchi dilogoiya, trilogiya, tetralogiya yoki xamsa tipidagi turkumlar tarkibidagi asarlar qator mushtarak belgilarga ega boʻlsa-da, hamma holda ham bitta asar deb boʻlmaydi – ulardagi qismlar orasidagi aloqadorlik turli darajada namoyon boʻladi. Mas., “Kecha va kunduz” dilogiyasining birinchi qismi – “Kecha”ning qanday talqin qilinishi koʻp hollarda ikkinchi qism – “Kunduz”ning qanday tasavvur etilishiga bogʻliq boʻlib qoladiki, dilogiyani bitta asar sanash oʻrinli. Biroq xuddi shu gapni “Qutlugʻ qon” va “Ulugʻ yoʻl” romanlariga nisbatan aytish qiyin, chunki birinchisi ikkinchisining mantiqiy davomi boʻlsa-da, muallif avvaldan dilogiya yozishni rejalashtirgan emas. Bundan dilogiya, trilogiya tarzida nomlanuvchi asarlar ham turlicha boʻlishi, ularning ayrimlari bitta asar (janrning, yaʼni roman, qissa va sh.k. sifat koʻrinishi), boshqalari muayyan umumiy belgilar asosida jamlangan asarlar turkumi ekani koʻrinadi. Shu bilan birga, ayrim lirik S.larda butunlik bordek (mas., S.Yesenin “Fors taronalari”; Mirtemir. “Qoraqalpoq daftari” va b.), chunki ularni mavzu, joy, lirik qahramonga xos nisbatan yaxlit kayfiyat birlashtiradi. Shunga qaramay, ulardagi sheʼrlar orasida ham butun-qism aloqasi mavjud emas, ularning har biri mustaqil asardir. Shunga koʻra, S.ni hozircha janr deb emas, muayyan umumiy belgilar asosida jamlangan mustaqil asarlar majmui sifatida tushunish toʻgʻriroq boʻladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish