← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Sillabik sheʼr tizimi

Sillabik sheʼr tizimi (yun. syllabe – boʻgʻin) – bir xil miqdordagi boʻgʻinlardan tarkib topgan misralar takroriga asoslanuvchi sheʼr tizimi. S.sh.t. urgʻusi turgʻun boʻlgan tillar (mas., fransuz tili) tabiatiga mos boʻlsa-da, tarqalish koʻlami ancha kengki, bu turli omillarga bogʻliq. Mas., roman tillaridagi adabiyotlarda u antik sheʼr tizimi asosida, bu til egalari uchun lotin tilidagi hijolar qisqa-choʻziqligi ahamiyatsiz boʻlib qolishi oqibatida (yaʼni qisqa-choʻziqlik farqlanmay qolgach, antik sheʼrlarda izometriya faqat hijolar soniga bogʻliqdek boʻlib qolgan) yuzaga kelgan va u milliy til tabiatiga mos sheʼr tizimiga oʻtishda bir bosqich boʻlib xizmat qilgan. Jumladan, rus sheʼriyatiga polyak adabiyotidan oʻzlashgan sillabik sheʼrlarda misra oxiri yoki oʻrtasida ritmni taʼkidlash uchun urgʻuli boʻgʻin keltirilganki, bu keyinchalik sillabo-tonik sheʼr tizimiga oʻtishga asos boʻlgan. Baʼzida S.sh.t. bilan barmoq bitta narsa deb tushunishga moyillik kuzatiladiki, bu toʻgʻri emas. Barmoq tizimida, sillabik sheʼrdan farqli oʻlaroq, misradagi boʻgʻinlar sonigina emas, ularning qay tartibda turoqlanishi ham ahamiyatlidir (q. barmoq).

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish