← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Taajjub

Taajjub (ar. تعجب – ajablanish) – mumtoz adabiyotdagi sheʼriy sanʼat, biror narsa-hodisa, holat va sh.k.lardan hayratda qolganlik, ajablanishni ifodalash. T. sanʼati qoʻllangan oʻrinlarda shoir goʻyo oʻzini hayratda qolganday koʻrsatib, asl muddaosini bayon qilib oladi, asl muddaosi yorni vasf etish, oshiq ahvoli ruhiyasini tasvirlash va sh.k.lar boʻladi. Mas., Mashrab yorga xitoban “Malaksan yo bashar, yo huru gʻilmonsan, bilib boʻlmas” deya T. izhor qiladi, asl muddaosi esa yorning goʻzallikda tengsizligini taʼkidlashdir. Yoki Navoiyning baytlaridan birida quyidagicha T. izhori bor:

Gar quyoshqa el nazar qilsa koʻziga yosh toʻlar,

Ul quyosh borgach nazardin, koʻzlarimga toʻldi yosh.

Mazkur baytda shoir “aslida, odam quyoshga qarasa koʻzi yoshlanadi, mening koʻzlarim esa quyoshim (yorim) ketgach yoshlanmoqda” deya hayratlanadi va shu orqali hijronda qolayotgan oshiq ahvolini mohirona tasvirlashga erishadi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish