← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Soʻz boshi

Soʻz boshi – adabiy asar (kitob)ga muallif, boshqa bir ijodkor yoki tanqidchi, tarjimon, tahririyat, noshir kabilar tomonidan yozilgan, asosiy matndan ajralib turuvchi adabiy-tanqidiy xarakterdagi muxtasar maqola, qayd va sh.k.lar. Muallif tomonidan yozilgan S.b.lar koʻpincha oʻquvchiga bevosita murojaat shaklida boʻlib, u asarning tushunilishi uchun zarur deb bilgan qoʻshimcha maʼlumotlarni (yozilish sababi, maqsad-muddaosi, muayyan retseptiv yoʻnalishni taʼkidlash va sh.k.) oʻz ichiga oladi va turli sarlavhalar (“Yozuvchidan”, “Muallifdan”, “Oʻquvchilarimga” va b.) ostida beriladi. Noshirlik ishida asarga boshqa shaxslar tomonidan yozilgan S.b.larni berish ham keng tarqalgan. Bunday S.b.lar ham, avvalo, asarni targʻib qilish, uning tushunilishiga koʻmaklashish maqsadini koʻzlaydi va shunga mos maʼlumotlar (muallifning hayoti va ijodi, asarning yozilish tarixi, yozilgan davri bilan bogʻliq jihatlari, muxtasar tanqidiy mulohazalar va sh.k.)ni oʻz ichiga oladi. Aksariyat hollarda bu xil S.b.lar mutaxassislar (tanqidchi, adabiyotshunos, matnshunos va sh.k.) tomonidan yoziladi, ular muayyan darajada oʻzining janr xususiyatlarini shakllantirgan boʻlib, haqli tarzda adabiy-tanqidiy janrlar sirasida sanaladi. Mutaxassislar tomonidan yozilgan S.b.larning alohida nomlanishi ham, boshqa turli umumiy nomlar (“Soʻz boshi”, “Soʻz boshi oʻrnida”, “Nashrga tayyorlovchidan”, “Tarjimondan” va b.) ostida berilishi ham kuzatiladi. Shuningdek, vaqtli matbuotda keng ommalashgan taniqli yozuvchi-shoirlar tomonidan yosh ijodkorlarning ilk asarlariga yozilgan “oq yoʻl”lar ham S.b.ning koʻrinishlaridan biridir.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish