← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Soʻngsoʻz

Soʻngsoʻz – adabiy asar oxirida beriluvchi qoʻshimcha. S. muallif yoki boshqa birov (yozuvchi, tanqidchi va b.) tomonidan yozilib, odatda, asarning tushunilishi uchun zarur maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi va asosiy matndan yaqqol ajralib (oʻzaro asosiy matn – yondosh matn munosabati asosida) turadi. Epilog va keyingi tarixdan farqli ravishda S. syujetning bevosita yoki bilvosita davomi emas, u badiiy matn tarkibiga toʻliq singib ketmaydi, yaʼni strukturaviy jihatdan mustaqildir. Muallif tomonidan yozilgan S.lar uslubiga, koʻproq, oʻquvchiga bevosita murojaat etish, u bilan doʻstona samimiy muloqotga moyillik, mazmun-mundarijasi jihatidan turlichalik (asarni muxtasar lirik-falsafiy xulosalash, ayrim nuqtalarga oʻquvchi diqqatini qayta jalb etish, minnatdorchilik yoki uzrxohlik va sh.k) xosdir. Noshirlik amaliyotida asarga oʻzgalar tomonidan yozilgan S.larni ilova qilish ham keng ommalashgan. Bunday S.lar ham mazmun-mundarijasiga koʻra turlicha (yozuvchi hayoti va ijodi bilan tanishtirish, asar haqidagi mulohazalar, uning yaratilishi bilan bogʻliq ayrim tafsilotlar, muallif haqidagi xotiralar va sh.k.) boʻlishi mumkin. Asosiysi, bunday S.larning pirovard maqsadi bitta – asarni targʻib etish, uning tushunilishi, kitobxonlar dilidan oʻrin olishiga koʻmaklashish boʻlib qolaveradi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish