← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Syurrealizm

Syurrealizm (fr. surrealisme – oliy realizm, realizmdan yuqori) – adabiyot va sanʼatdagi XX asrning 20-yillarida maydonga kelgan avangardistik yoʻnalish. S.ning paydo boʻlishi fransuz shoiri A.Breton (1896 – 1966) boshchiligidagi yozuvchi va rassomlar guruhining faoliyati bilan bogʻliq. S.ning ilk namunasi sifatida A.Breton bilan F.Supo hammuallifligida yozilgan “Magnit maydonlari” (1919) asari eʼtirof etiladi, uning adabiy-badiiy harakat sifatidagi faoliyatining boshlanishi 1924 yilga toʻgʻri keladi. Xuddi shu yili A.Bretonning “Syurrealizm manifesti” (uning yaratilishida L.Aragon ham qatnashgan) eʼlon qilinib, unda guruhning adabiy-estetik qarashlari dasturiy tarzda ifodalangan. S. Birinchi jahon urushidan keyingi maʼnaviy inqiroz sharoitida vujudga kelgan boʻlib, uning nazariy asosini Berkli, Kant, Nitsshe kabi mutafakkirlar, shuningdek, B.Kroche tomonidan yangicha idrok etilgan Gegel taʼlimotlari tashkil qiladi. 20-yillarda ijodkor ziyolilar orasida urf boʻlgan Freyd taʼlimotining S.ga taʼsirini alohida taʼkidlash lozim.

S. ratsionalizmni, shu bilan bogʻliq holda realizmni inkor qiladi. Jumladan, “Syurrealizm manifesti”da yozilishicha, insoniyat “hamon mantiq zulmi ostida yashamoqda”, holbuki, hozirgi vaqtda mantiq faqat ikkinchi darajali masalalarni hal qilishgagina yaroqli, ratsionalizm bevosita tajriba bilan bogʻliq faktlarnigina idrok eta oladi, xolos. Pozitivizm poydevoriga qurilgan realizm esa – insondagi har qanday aqliy va ruhiy parvoz dushmani, u tushuntirib boʻlmaydigan narsalarni tushuntirishga telbalarcha berilgan va bu bilan aqllarni mudroq holga soladi, undagi tahlil istagi jonli sezimlarni bosib ketadi. Bularga qarshi oʻlaroq, S. taxayyul erkinligi, insonni sivilizatsiya zugʻumidan ozod qilish shiorlari bilan maydonga chiqdi, obyektiv voqelikni tasvirlash va badiiy bilish emas, balki undan-da yuqori turuvchi reallikni yaratish, inson ongining chuqur puchmoqlarini tasvirlash, uning ongosti qatlamlariga taʼsir qilish orqali badiiy muloqotni amalga oshirishni maqsad qildi, “avtomatik yozish”ni ijodning asosiy usuli deb bildi. Ijodning mazkur usuliga manifestda quyidagicha taʼrif beriladi: “Sof psixik avtomatizm koʻzlaydigan maqsad – xoh ogʻzaki, xoh yozma va xoh istalgan boshqa yoʻsinda fikrning real yashashini ifodalashdir. Fikrni aql nazoratidan xoli tarzda, hech bir estetik yoki maʼnaviy andishalarsiz oʻqib berish demakdir”. “Magnit maydonlari”, mualliflarining taʼkidlashlaricha, xuddi shu yoʻsinda, fikr va assotsiatsiyalarni bevosita, qanday tezlikda tugʻilgan boʻlsa, oʻshanday tezlikda qayd etish natijasida dunyoga kelgan. Yaʼni bunda, bir tomondan, chetda xolis turgan ijodkor goʻyo fikrlarni qayd etuvchi apparatga aylanadi; ikkinchi tomondan, ijodkor oʻzidan oʻtkazib berilayotgan olam, obyektning bir qismi, til esa vosita emas, balki subyekt boʻlib qoladi. Syurrealistik obrazda voqelik deformatsiyalangan (bu hol, ayniqsa, rassomlikda yaqqol koʻzga tashlanadi, tasvirlanayotgan narsalarning shakl-shamoyili kuchli oʻzgarishga uchraydi) holda akslanadi, unga erkin assotsiativlik (q.), bir-biriga aslo qoʻshilolmaydigan (misoli oʻt bilan suvdek) narsalarning birlashib ketishi xos. S.ga xos obrazning tabiati terminni ilk bor ishlatgan Apollinerning: “Inson yurishga taqlid qilmoqchi boʻlganida, gʻildirakni – oyoqqa oʻxshamaydigan narsani yaratdi. Bu gʻayrishuuriy syurrealizm edi”, – deganida oʻzining muxtasar ifodasini topgan. Syurrealistik obrazda narsa goʻyo qismlarga ajratiladi-da, keyin mantiqqa toʻgʻri kelmaydigan tarzda qayta birlashtiriladi, natijada narsa realizmdagi kabi asliga monand aksini topmaydi, u haqda irreal taassurot hosil qilinadi. Bu umuman S. estetikasiga xos boʻlib, undagi goʻzallik tushunchasi “goʻzallik anatomik stolda tikuv mashinasi bilan yomgʻirpoʻshning tasodifiy uchrashuvi” deguvchi fransuz shoiri Lotreamon (1846 – 1870) qarashlaridan oziqlanadi. Realizm voqelikdagi sabab-natija asosidagi oʻzaro bogʻliqlikni diqqat markaziga qoʻysa, S. unda “obyektiv tasodif” (A.Breton) ustuvor deb biladi. S. estetikasida “obyektiv tasodif” bilan bir qatorda “gʻaroyiblik”ka ham katta ahamiyat beriladi: “gʻaroyib narsa har vaqt goʻzal, barcha gʻaroyib narsalar goʻzal, faqat gʻaroyib narsalargina goʻzal”, – deyiladi “Syurrealizm manifesti”da. Shuning uchun ham syurrealistik asarlarda gʻayrioddiy, fantastik elementlar keng oʻrin tutadi, ular realistik detallar bilan gʻalati tarzda birikadi va goʻyo oliy realizmni, aslidagidan ham haqiqiyroq voqelikni yaratishga xizmat qiladi. S. obrazni sanʼat doirasidan chiqaradi, uni belgi emas, balki moddiy mavjudlik deb biladi. S.ning yirik namoyandasi rassom S.Dali hazilnamo yoʻsinda buni quyidagicha ifodalaydi: “Goʻzallik yo yeyishli boʻladi, yo umuman boʻlmaydi”. Tabiiyki, bunda badiiy asarning estetik obyekt emas, balki mavjud narsa sifatida qabul qilinishi, estetik taʼsiri ham jisman (shahvoniy lazzat, dahshat, tashvish va sh.k. tarzda) his etilishi koʻzda tutiladi. S. sanʼatni mifologik asosga ega deb biladi, miflarga murojaat qilish bilan birga yaqin oʻtmish adabiyoti va sanʼatidagi obrazlar, motivlar asosida yangi miflar yaratishga intiladi; badiiy ijodda subyekt rolini yuqoridagicha tushungani bois ham sanʼatni koʻproq kollektiv ijod mahsuli deb hisoblashga moyil. Yana badiiy ijodga oʻyin deb qarash ham xos boʻlib, S.ning mavjud voqelikka munosabatida kinoya, yumor ustuvor, biroq u koʻproq “qora yumor” koʻrinishida, mavjud qadriyatlarni anarxik inkor qilishga qaratilgan boʻlib, mohiyatan absurdga yaqin turadi. Bulardan koʻrinadiki, bayrogʻiga “Sevgi, goʻzallik, isyon” soʻzlarini bitgancha “dunyoni qayta tuzish” (K.Marks), “hayotni oʻzgartirish” (A.Rembo) maqsadlari bilan maydonga chiqqan S. oʻzidan avvalgi va oʻziga zamondosh isyonkor, avangardistik oqimlarga xos jihatlarni oʻziga singdirgan edi.

S.ning adabiy-badiiy maktab sifatidagi faoliyati uzoq davom etmadi, Ikkinchi jahon urushi arafasida tarqalib ketdi. Shunga qaramay, u XX asr adabiyoti va sanʼatida chuqur iz qoldirdi: uning bagʻridan P.Elyuar, L.Aragon, G.Lorka kabi ulkan shoirlar, S.Dali kabi rassomlar, J.Kokto, A. Misho, A.Xichkok kabi kino arboblari yetishib chiqdilar. S. vakillarining nazariy qarashlari esa oʻzidan keyingi struktur psixoanaliz, strukturalizm, poststrukturalizm kabi qator ilmiy yoʻnalishlarga sezilarli taʼsir koʻrsatdi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish