Syujet (fr. sujet – predmet, asosga qoʻyilgan narsa) – badiiy shaklning eng muhim elementlaridan biri, asardagi bir-biriga uzviy bogʻliq holda kechadigan, qahramonlarning xatti-harakatlaridan tarkib topuvchi voqealar tizimi. Syujetlilik badiiy adabiyotning xos xususiyatlaridan biri boʻlib, S. tur yo janridan qatʼi nazar, barcha asarlarda bor, biroq uning namoyon boʻlishi koʻp jihatdan qaysi tur yoki janrga mansubligiga bogʻliq. Mas., lirikada voqealar tizimi yoʻq, lekin unda oʻy-fikrlar, his-kechinmalar rivoji bor va bu uning S.ini tashkil qiladi. Yoki eposning kichik shakllari, xususan, novellalardagi S. ham “voqealar tizimi” degan taʼrifga muvofiq emas: bunda bir hayotiy holat ichidagi oʻsish, rivojlanish kuzatiladi (mas.: Choʻlpon. “Taraqqiy”; A.Qahhor. “Bemor”). Shuni koʻzda tutgan holda, adabiyotshunoslikda voqeaband va voqeaband boʻlmagan S. lar ajratiladi. Ayrim adabiyotshunoslar (mas., G.Pospelov) S. epik va dramatik asarlarga xos, lirik asarlar S.ga ega emas, deb hisoblaydi. Bu qarashga koʻra, lirik asarda kompozitsiya S. (voqealar tizimi) oʻrnini bosib, oʻy-kechinmalarni muayyan tartibda uyushtiradi. Mazkur qarash terminologik chalkashliklardan qochish, S. terminini bir maʼnoda – voqealar tizimi deb tushunish imkonini beradi. Keng ommalashgan taʼriflardan biriga koʻra, S. “u yoki bu xarakterning, tipning tarixiy rivojlanishi, tashkil topib borishidir”(M.Gorkiy). Biroq xarakter doim ham rivojlanish, oʻsish va shakllanishda koʻrsatilmaydi. Mas., hikoyada xarakterlar tayyor holda beriladi, voqea davomida rivojlanmaydi, S. bu oʻrinda voqeaning ichki rivojini namoyon etadi, xolos. Demak, mazkur taʼrif universal emas, u ayrim tipdagi asarlarga (mas., “Qutlugʻ qon”) nisbatangina toʻgʻridir. Albatta, S. rivoji davomida xarakterning shakllanishi, ochilishi ham bor gap, lekin bu S.ning badiiy funksiyalaridan biri, uning mohiyati emas. Xullas, agar “syujet” termini ostida epik va dramatik asarlarga xos S. nazarda tutilsa, unda S. asardagi “bir-biriga bogʻliq voqealar tizimi” yoki “konkret holat, bitta voqeaning ichki rivoji”dir.
S.ning birlamchi funksiyasi asar problemasini badiiy tadqiq etishga imkon beradigan hayot materialini uyushtirib berishdan iboratdir. Demak, S. ning qanday boʻlishi mazmunga, muallif ijodiy niyatiga bogʻliq. Mas., A.Qodiriy “Oʻtgan kunlar” uchun tanlagan S. Otabekning Toshkentdan, Kumushning Margʻilondan boʻlishi – ijodiy niyat ijrosi uchun eng maqbul variant. Negaki, S.ning “oʻq”i – “ishqiy-maishiy” S. chizigʻi Toshkent bilan Margʻilonni bogʻlagani yozuvchiga oʻzini oʻylatgan problemalar tadqiqi uchun zarur voqea va tafsilotlar (xon oʻrdasi, Toshkent isyoni, qipchoq qirgʻini kabi)ni asarga olib kirish imkonini beradi. Muhimi, ular asarga hech bir zoʻrakiliksiz, oʻquvchi xayolini band etgan Otabek-Kumush liniyasiga uzviy bogʻlangan holda olib kiriladi, natijada adibga shaxs erki, millat erki, millat taqdiri muammolarini atroflicha badiiy tadqiq etish, fikrlarini ifodalash imkoni yaratiladi. Koʻrinadiki, S. hayot materialini shunchaki emas, balki badiiy konsepsiyani shakllantirish va ifodalashga eng qulay (optimal) tarzda uyushtirish ekan.
S. personajlarning “harakat”laridan tarkib topadi. Personajlarning makon va zamonda kechuvchi xatti-harakatlari ham, ruhiyatidagi oʻy-fikrlar, his-kechinmalar rivoji ham harakatdir. Shu harakat tiplaridan qaysi biri yetakchilik qilishiga qarab, S.ning ikki tipi ajratiladi: a) “tashqi harakat” dinamikasiga asoslangan S.; b) “ichki harakat” dinamikasiga asoslangan S. Birinchi tipdagi S.larda personajlarning biror maqsad yoʻlidagi xatti-harakatlari, kurashi, toʻqnashuvlari, hayotidagi burilishlar tasvirlanadi va shu asosda ularning taqdiri, ijtimoiy mavqeida muayyan oʻzgarishlar yuz beradi. Bu nav S.larda voqea toʻlaqonli tasvirlanadi va oʻz holicha ham badiiy-estetik qimmat kasb etadi. Kelib chiqishi jihatidan S.ning bu turi qadimiyroq (folklordagi sehrli ertaklar, rivoyatlar, dostonlar). Yangi oʻzbek adabiyotida ham S.ning bu tipi kengroq tarqalgan: “Oʻtgan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, “Kecha va kunduz”, “Qutlugʻ qon”, “Sarob” – bularning barida tashqi harakat dinamikasi yetakchilik qiladi. Albatta, bu asarlarda “ichki harakat” dinamikasi ham bor, biroq u mavqe jihatidan S. tipini belgilashga ojizlik qiladi. S.ning ikkinchi tipida voqealar oʻz holicha emas, personaj ruhiyatidagi jarayonga turtki berishi jihatidan ahamiyat kasb etib, asar davomida personajlar hayotida, taqdirida yoki ijtimoiy holatida emas, uning ruhiyatida burilishlar, oʻzgarishlar sodir boʻladi. Bu tip S.lar adabiyotimizda ancha keyin, XX asrning 80-yillardan paydo boʻlib, hozircha nasrning kichik va oʻrta (mas., A.Aʼzam. “Bu kunning davomi”, “Asqartogʻ tomonlarda”) shakllarida, shuningdek, bir qator dramatik (mas., Sh.Boshbekov. “Taqdir eshigi”, “Eshik qoqqan kim boʻldi”) asarlarda sinab koʻrildi.
Voqealarning oʻzaro munosabatiga koʻra S.ning xronikali va konsentrik turlari ajratiladi. Xronikali S.da voqealar orasida vaqt munosabati (A voqea yuz berganidan soʻng, B voqea yuz berdi) yetakchilik qilsa, konsentrik S. voqealari orasida sabab-natija munosabati (A voqea yuz bergani uchun, B voqea yuz berdi) yetakchilik qiladi. Xronikali S., bir tomondan, hayotni keng epik koʻlamda tasvirlash, ikkinchi tomondan, qahramon taqdirini davriy izchillikda, xarakterini rivojlanishda koʻrsatish uchun qulay. Chunki unda asosiy syujet bilan yondosh holda yordamchi syujet chiziqlarini ham yurgizish, juda katta hayot materialini qamrab olish imkoniyati mavjud. Xronikali S.da asarning “badiiy vaqt”i istalgancha kengaytirilishi mumkin: unda “parallel vaqt”da kechayotgan voqealarni tasvirlash, retrospeksiya – zamonda ortga qaytish usulidan foydalanish imkoniyatlari ancha keng. Shuningdek, xronikali S.ga qurilgan asarga S.dan tashqari unsurlar (rivoyatlar, kiritma epizodlar va b.), muallif mushohadalari, tafsilotlarni tabiiy ravishda kiritish, badiiy matnga singdirib yuborish mumkin. Shu bois ham katta epik asarlarda (S.Ayniy. “Qullar”; P.Qodirov. “Yulduzli tunlar”) koʻproq xronikali S. qoʻllanadi. Konsentrik S. esa voqealarning bitta asosiy voqea tegrasida aylanishi bilan xarakterlanadi. S.ning bu turi voqealarning konflikt asosida shiddat bilan rivojlanib, yechimga tomon intilishini taqozo qiladi. Konsentrik S. asarning shakl-kompozitsion jihatdan mukammal, oʻqishli va qiziqarli boʻlishiga imkon beradi. Chunki bu nav S. oʻquvchi diqqatini bitta nuqtada tutib turadi, uning oʻqish jarayonidagi faolligini oshiradi (mas., detektiv asarlar). Konsentrik S. nisbatan qisqa vaqt ichida kechgan voqealarni qamrashi, yondosh S. chiziqlarini kiritish imkoniyatlarining kamligi bilan ham xarakterlanadi. Sanalgan xususiyatlarni O.Yoqubovning “Muqaddas”, “Billur qandillar”, “Ulugʻbek xazinasi” kabi asarlari misolida kuzatish mumkin. Aytish kerakki, S.ning bu ikki turiga xos xususiyatlar, koʻproq, aralash holda zuhur qiladi. Zero, xronikali S. voqealari orasida sabab-natija (oldin yuz bergan voqea keyin yuz bergan voqeaga qisman sabab boʻlib keladi) munosabati, konsentrik S. voqealari orasida esa vaqt munosabati (natija sababdan keyin keladi) kuzatilishi tabiiy. Shunga koʻra, konkret asardagi S. tipi mazkur munosabatlarning qaysi biri yetakchi mavqega egaligiga qarab belgilanadi. Baʼzi asarlarda S.ning ikkala tipiga xos xususiyatlar ham salmoqli va uygʻun holda namoyon boʻladi, ayni shu uygʻunlik ularning jozibasini taʼminlaydi. Mas., A.Qodiriyning “Oʻtgan kunlar”, Choʻlponning “Kecha va kunduz” romanlarida shu xil uygʻunlikni koʻramiz. Ikkala romanda ham xronikalilik yetakchi boʻlgani holda, konsentrik S. xususiyatlaridan keng foydalanilganki, har ikki tipga xos eng yaxshi jihatlarning uygʻunlashuvi badiiy mukammallikka xizmat qiladi.
Сюжет (фр. sujet – предмет, асосга қўйилган нарса) – бадиий шаклнинг энг муҳим элементларидан бири, асардаги бир-бирига узвий боғлиқ ҳолда кечадиган, қаҳрамонларнинг хатти-ҳаракатларидан таркиб топувчи воқеалар тизими. Сюжетлилик бадиий адабиётнинг хос хусусиятларидан бири бўлиб, С. тур ё жанридан қатъи назар, барча асарларда бор, бироқ унинг намоён бўлиши кўп жиҳатдан қайси тур ёки жанрга мансублигига боғлиқ. Мас., лирикада воқеалар тизими йўқ, лекин унда ўй-фикрлар, ҳис-кечинмалар ривожи бор ва бу унинг С.ини ташкил қилади. Ёки эпоснинг кичик шакллари, хусусан, новеллалардаги С. ҳам “воқеалар тизими” деган таърифга мувофиқ эмас: бунда бир ҳаётий ҳолат ичидаги ўсиш, ривожланиш кузатилади (мас.: Чўлпон. “Тараққий”; А.Қаҳҳор. “Бемор”). Шуни кўзда тутган ҳолда, адабиётшуносликда воқеабанд ва воқеабанд бўлмаган С. лар ажратилади. Айрим адабиётшунослар (мас., Г.Поспелов) С. эпик ва драматик асарларга хос, лирик асарлар С.га эга эмас, деб ҳисоблайди. Бу қарашга кўра, лирик асарда композиция С. (воқеалар тизими) ўрнини босиб, ўй-кечинмаларни муайян тартибда уюштиради. Мазкур қараш терминологик чалкашликлардан қочиш, С. терминини бир маънода – воқеалар тизими деб тушуниш имконини беради. Кенг оммалашган таърифлардан бирига кўра, С. “у ёки бу характернинг, типнинг тарихий ривожланиши, ташкил топиб боришидир”(М.Горький). Бироқ характер доим ҳам ривожланиш, ўсиш ва шаклланишда кўрсатилмайди. Мас., ҳикояда характерлар тайёр ҳолда берилади, воқеа давомида ривожланмайди, С. бу ўринда воқеанинг ички ривожини намоён этади, холос. Демак, мазкур таъриф универсал эмас, у айрим типдаги асарларга (мас., “Қутлуғ қон”) нисбатангина тўғридир. Албатта, С. ривожи давомида характернинг шаклланиши, очилиши ҳам бор гап, лекин бу С.нинг бадиий функцияларидан бири, унинг моҳияти эмас. Хуллас, агар “сюжет” термини остида эпик ва драматик асарларга хос С. назарда тутилса, унда С. асардаги “бир-бирига боғлиқ воқеалар тизими” ёки “конкрет ҳолат, битта воқеанинг ички ривожи”дир.
С.нинг бирламчи функцияси асар проблемасини бадиий тадқиқ этишга имкон берадиган ҳаёт материалини уюштириб беришдан иборатдир. Демак, С. нинг қандай бўлиши мазмунга, муаллиф ижодий ниятига боғлиқ. Мас., А.Қодирий “Ўтган кунлар” учун танлаган С. Отабекнинг Тошкентдан, Кумушнинг Марғилондан бўлиши – ижодий ният ижроси учун энг мақбул вариант. Негаки, С.нинг “ўқ”и – “ишқий-маиший” С. чизиғи Тошкент билан Марғилонни боғлагани ёзувчига ўзини ўйлатган проблемалар тадқиқи учун зарур воқеа ва тафсилотлар (хон ўрдаси, Тошкент исёни, қипчоқ қирғини каби)ни асарга олиб кириш имконини беради. Муҳими, улар асарга ҳеч бир зўракиликсиз, ўқувчи хаёлини банд этган Отабек-Кумуш линиясига узвий боғланган ҳолда олиб кирилади, натижада адибга шахс эрки, миллат эрки, миллат тақдири муаммоларини атрофлича бадиий тадқиқ этиш, фикрларини ифодалаш имкони яратилади. Кўринадики, С. ҳаёт материалини шунчаки эмас, балки бадиий концепцияни шакллантириш ва ифодалашга энг қулай (оптимал) тарзда уюштириш экан.
С. персонажларнинг “ҳаракат”ларидан таркиб топади. Персонажларнинг макон ва замонда кечувчи хатти-ҳаракатлари ҳам, руҳиятидаги ўй-фикрлар, ҳис-кечинмалар ривожи ҳам ҳаракатдир. Шу ҳаракат типларидан қайси бири етакчилик қилишига қараб, С.нинг икки типи ажратилади: а) “ташқи ҳаракат” динамикасига асосланган С.; б) “ички ҳаракат” динамикасига асосланган С. Биринчи типдаги С.ларда персонажларнинг бирор мақсад йўлидаги хатти-ҳаракатлари, кураши, тўқнашувлари, ҳаётидаги бурилишлар тасвирланади ва шу асосда уларнинг тақдири, ижтимоий мавқеида муайян ўзгаришлар юз беради. Бу нав С.ларда воқеа тўлақонли тасвирланади ва ўз ҳолича ҳам бадиий-эстетик қиммат касб этади. Келиб чиқиши жиҳатидан С.нинг бу тури қадимийроқ (фольклордаги сеҳрли эртаклар, ривоятлар, достонлар). Янги ўзбек адабиётида ҳам С.нинг бу типи кенгроқ тарқалган: “Ўтган кунлар”, “Меҳробдан чаён”, “Кеча ва кундуз”, “Қутлуғ қон”, “Сароб” – буларнинг барида ташқи ҳаракат динамикаси етакчилик қилади. Албатта, бу асарларда “ички ҳаракат” динамикаси ҳам бор, бироқ у мавқе жиҳатидан С. типини белгилашга ожизлик қилади. С.нинг иккинчи типида воқеалар ўз ҳолича эмас, персонаж руҳиятидаги жараёнга туртки бериши жиҳатидан аҳамият касб этиб, асар давомида персонажлар ҳаётида, тақдирида ёки ижтимоий ҳолатида эмас, унинг руҳиятида бурилишлар, ўзгаришлар содир бўлади. Бу тип С.лар адабиётимизда анча кейин, ХХ асрнинг 80-йиллардан пайдо бўлиб, ҳозирча насрнинг кичик ва ўрта (мас., А.Аъзам. “Бу куннинг давоми”, “Асқартоғ томонларда”) шаклларида, шунингдек, бир қатор драматик (мас., Ш.Бошбеков. “Тақдир эшиги”, “Эшик қоққан ким бўлди”) асарларда синаб кўрилди.
Воқеаларнинг ўзаро муносабатига кўра С.нинг хроникали ва концентрик турлари ажратилади. Хроникали С.да воқеалар орасида вақт муносабати (А воқеа юз берганидан сўнг, Б воқеа юз берди) етакчилик қилса, концентрик С. воқеалари орасида сабаб-натижа муносабати (А воқеа юз бергани учун, Б воқеа юз берди) етакчилик қилади. Хроникали С., бир томондан, ҳаётни кенг эпик кўламда тасвирлаш, иккинчи томондан, қаҳрамон тақдирини даврий изчилликда, характерини ривожланишда кўрсатиш учун қулай. Чунки унда асосий сюжет билан ёндош ҳолда ёрдамчи сюжет чизиқларини ҳам юргизиш, жуда катта ҳаёт материалини қамраб олиш имконияти мавжуд. Хроникали С.да асарнинг “бадиий вақт”и исталганча кенгайтирилиши мумкин: унда “параллел вақт”да кечаётган воқеаларни тасвирлаш, ретроспекция – замонда ортга қайтиш усулидан фойдаланиш имкониятлари анча кенг. Шунингдек, хроникали С.га қурилган асарга С.дан ташқари унсурлар (ривоятлар, киритма эпизодлар ва б.), муаллиф мушоҳадалари, тафсилотларни табиий равишда киритиш, бадиий матнга сингдириб юбориш мумкин. Шу боис ҳам катта эпик асарларда (С.Айний. “Қуллар”; П.Қодиров. “Юлдузли тунлар”) кўпроқ хроникали С. қўлланади. Концентрик С. эса воқеаларнинг битта асосий воқеа теграсида айланиши билан характерланади. С.нинг бу тури воқеаларнинг конфликт асосида шиддат билан ривожланиб, ечимга томон интилишини тақозо қилади. Концентрик С. асарнинг шакл-композицион жиҳатдан мукаммал, ўқишли ва қизиқарли бўлишига имкон беради. Чунки бу нав С. ўқувчи диққатини битта нуқтада тутиб туради, унинг ўқиш жараёнидаги фаоллигини оширади (мас., детектив асарлар). Концентрик С. нисбатан қисқа вақт ичида кечган воқеаларни қамраши, ёндош С. чизиқларини киритиш имкониятларининг камлиги билан ҳам характерланади. Саналган хусусиятларни О.Ёқубовнинг “Муқаддас”, “Биллур қандиллар”, “Улуғбек хазинаси” каби асарлари мисолида кузатиш мумкин. Айтиш керакки, С.нинг бу икки турига хос хусусиятлар, кўпроқ, аралаш ҳолда зуҳур қилади. Зеро, хроникали С. воқеалари орасида сабаб-натижа (олдин юз берган воқеа кейин юз берган воқеага қисман сабаб бўлиб келади) муносабати, концентрик С. воқеалари орасида эса вақт муносабати (натижа сабабдан кейин келади) кузатилиши табиий. Шунга кўра, конкрет асардаги С. типи мазкур муносабатларнинг қайси бири етакчи мавқега эгалигига қараб белгиланади. Баъзи асарларда С.нинг иккала типига хос хусусиятлар ҳам салмоқли ва уйғун ҳолда намоён бўлади, айни шу уйғунлик уларнинг жозибасини таъминлайди. Мас., А.Қодирийнинг “Ўтган кунлар”, Чўлпоннинг “Кеча ва кундуз” романларида шу хил уйғунликни кўрамиз. Иккала романда ҳам хроникалилик етакчи бўлгани ҳолда, концентрик С. хусусиятларидан кенг фойдаланилганки, ҳар икки типга хос энг яхши жиҳатларнинг уйғунлашуви бадиий мукаммалликка хизмат қилади.
Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.