← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Strukturalizm

Strukturalizm (lot. structura – qurilish, joylashish) – XX asrdagi ikkita jahon urushi oraligʻida shakllangan va 60-yillarga kelib keng (ayniqsa, Fransiyada) ommalashgan yoʻnalish, ijtimoiy va gumanitar ilm sohalaridagi tadqiqot metodi. S.ning otasi sifatida zamonaviy tilshunoslikning asoschisi F. de Sossyur (1857 – 1913) eʼtirof etiladi. Olim oʻzining “Umumiy tilshunoslik kursi” asarida real nutq birligi bilan uning asosida yotuvchi sistemani farqlaydiki, bu sistema inson tomonidan til oʻrganish jarayonida oʻzlashtiriladi. Sossyurga koʻra, shu sistemaning strukturasi (tuzilishi, unsurlari, ularning oʻzaro munosabati)ni tavsiflash va oʻrganish tilshunoslikning asosiy vazifasidir. Xuddi shu tamoyil keyincha, Ikkinchi jahon urushidan soʻng boshqa ijtimoiy-madaniy hodisalarga ham koʻchirilib, tilshunoslik metodlari estetika, sanʼat va madaniyatning barcha sohalariga tatbiq etila boshlandi. Tilshunoslik metodlari bilan birga, S. oʻz faoliyatida mantiqiy-matematik tadqiq usullariga tayandi, psixoanalizdagi ongsizlik kategoriyasini oʻzlashtirdi. Dunyoqarash nuqtai nazaridan S. eksiztensializmga zid mavqe egallagani holda, falsafadagi baʼzi (marksizm, fenomenologiya, germenevtika) taʼlimotlar bilan mushtarak nuqtalari ham bor. Xususan, mutaxassislar S.ning hammadan ham neopozitivizmga yaqin turishini taʼkidlaydilarki, bu gumanitar bilim sohasini aniq va tabiiy fanlar (yaʼni aniq va qatʼiy qonuniyatlariga ega ilm) darajasiga yetkazish maqsadi bilan izohlanadi. Xullas, oʻtgan asr oʻrtalariga kelib S. ijtimoiy-madaniy hodisalar zamirida yotuvchi modellarni ochish, shu asosda ijtimoiy-gumanitar sohalarda obyektiv ilmiy bilish imkoniyatlarini namoyon etishni maqsad qilgan ilmiy yoʻnalish, metodga aylanadi. S. tilshunoslik, adabiyotshunoslik va antropologiyada boshqa sohalarga qaraganda kuchliroq namoyon boʻldiki, ilmiy yoʻnalish sifatidagi S.ning yetakchilari sifatida tilshunos R.Yakobson, adabiyotshunos R.Bart, antropolog K.Levi-Strosslarning eʼtirof etilishi shundan.

S.ning adabiyotshunoslikdagi ilk kurtaklari rus formal maktabi namoyandalari (R.Yakobson, V.Shklovskiy, Yu.Eyxenbaum, Yu.Tinyanov va b.) faoliyatida yuz koʻrsatgan boʻlsa, V.Proppning «Sehrli ertak morfologiyasi” (1928) asari mazkur metod ancha izchil qoʻllangan tadqiqot sanaladi. Keyincha strutkur adabiyotshunoslik markazi Fransiyaga koʻchib, uning rivoji R.Yakobson, R.Bart, S.Todorov kabi olimlar faoliyati bilan bogʻliq holda kechdi. Shuningdek, struktur adabiyotshunoslik rivojida Yu.M.Lotman boshchiligidagi Moskva-Tartu ilmiy maktabining ham katta xizmati bor. Shu oʻrinda struktural adabiyotshunoslikka xos xususiyatlardan ayrimlarini keltirib oʻtish oʻrinli. Jumladan, u adabiy asarga immanentlik tamoyili asosida yondashadi, yaʼni adabiy asarni alohida hodisa sifatida olib, uning ichki qurilishini tadqiq etadi, asardan tashqaridagi omillar (genezisi, rivojlanishi, tashqi vazifalari va sh.k.) eʼtibordan soqit qilinadi. Immanent tahlilning maqsadi esa tadqiq etilayotgan asarning ichki qurilishi, undagi unsurlarning asarning sistem butunlik sifatida namoyon boʻlishini taʼminlovchi oʻzaro aloqa va munosabatlarini oʻrganishdan iboratdir. S. ifoda va maʼno munosabatiga noanʼanaviy yondashadi. Anʼanaga koʻra, maʼno avvaldan mavjud va ifodalashni taqozo etadigan narsa sifatida tushunilsa, S. buni inkor qilib, struktura – shakl unsurlarining oʻzaro aloqa-munosabatlari sistemani yuzaga keltirishi davomida maʼno voqe boʻladi, deb biladi. Yaʼni bu xil yondashuvda, bir tomondan, maʼno strukturaning hosilasi sifatida tushuniladi; ikkinchi tomondan, har qanday hodisaning tub va universal strukturalari mavjud degan qarashdan kelib chiqib, ayni shu strukturalarga maʼnoni shakllantiruvchi omil deb qaraladi, natijada esa ijodda subyektning roli pasaytiriladi yo butkul istisno qilinadi. Tub universal strukturalarni aniqlash, narsa-hodisalarning matematik aniqlikdagi modellarini yaratish S. oʻz oldiga qoʻygan asosiy maqsadlardan biridir. Jumladan, S.Todorov struktural poetika oʻz tushunchalarini konkret asarga emas, balki har qanday adabiy matnga qaratadi, deb aytadi. Yaʼni model janrga mansubligidan qatʼi nazar, har qanday asar tahlilini asoslashga yaramogʻi kerak. R.Bart esa oʻz oldiga yanada maksimal maqsadni qoʻyadi: u “soʻnggi struktura” yoki “matritsa”ni izlaydiki, u nafaqat adabiy, balki umuman har qanday matn, bunga qadar yaratilgan, yaratilayotgan va yaratilajak matnlar mohiyatini aks ettira olsin. Model va strukturalarni yaratish, tabiiyki, tadqiq obyektining strukturaviy unsurlarini ajratish, tasniflash, ular orasidagi turli (binar oppozitsiya, kontrast, zidlash, toʻldirish, simmetriya, asimmetriya va b.) munosabatlarni oʻrganishni taqozo etadi. Shunga koʻra, struktur adabiyotshunoslikda mazkur talabga mos tushunchalar tizimi, tahlil usullari ishlab chiqilgan.

70-yillarga kelib S. oʻz imkonlarini sarflab boʻldi, oʻrnini oʻzining bagʻrida yetishgan, oʻzining davomchisi va ziddi sifatida maydonga chiqqan poststrukturalizmga (q.) boʻshatib berdi. Umuman olganda, S. oʻz oldiga qoʻygan ulkan maqsadlarga, xususan, adabiy asarga badiiy-estetik qadriyat sifatida yondashish masalasini hal qilishga erisha olmadi. Zero, badiiy asarning ichki tuzilishi, struktura elementlari va ularning oʻzaro aloqalari, qismlarning butunlikka birikish qonuniyatlarini nechogʻli chuqur va atroflicha oʻrganmasin, uning tahlillari badiiy asarning estetik taʼsir kuchi va badiiy qimmatini belgilaydigan qator omillarni eʼtibordan soqit qilgan edi. Shunga qaramay, S. adabiy-nazariy tafakkurni, badiiy asar haqidagi mavjud tasavvurlarni boyitdi, uning ilgari yetarli eʼtibor berilmagan tomonlariga diqqatni jalb qila bildi, u ishlab chiqqan metodlar hozirgi adabiyotshunoslikning badiiy tahlil imkonlarini kengaytirdi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish