← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Tadrij

Tadrij (ar. تدريج– saralash) – mumtoz adabiyotdagi sheʼriy sanʼat, sheʼrning boshlanishida qoʻyilgan mavzuning oxiriga qadar izchil davom ettirilishi. Yaʼni T. sanʼati matlaʼda aytilgan fikr (holat, tavsif, taʼrif va sh.k.) keyingi baytlarda muttasil kuchaytirib borilishini taqozo etadi. Mas., Sayfi Saroyining bir gʻazali:

Topilmas husn mulkinda senga teng bir qamar manzar,

Na manzar? Manzari shohid. Na shohid? Shohidi dilbar, –

matlaʼsi bilan boshlanib, unda maʼshuqaning goʻzal yuzi taʼriflanadi. Keyingi baytlarda ham shoir yor yuzining goʻzalligi taʼrifida davom etadi, uni detallashtirib, boʻrttirib, ranglarini boyitib, xullas, izchil rivojlantirib boradi:

Bu kun Yusuf jamolini qilibtur haq senga baxshish,

Na baxshish? Baxshishi davlat. Na davlat? Davlati mafxar.

Soʻzung durru javohirdur, koʻngullar ganjina loyiq,

Na loyiq? Loyiqi xusrav. Na xusrav? Xusravi kishvar.

Shakardin totlidur xulqung, karamda xotiring matlab,

Na matlab? Matlabi maʼdan. Na maʼdan? Maʼdani javhar.

Zihi davlatlu oshiqkim, sening birla qilur ishrat,

Na ishrat? Ishrati jannat. Na jannat? Jannati kavsar.

Bu husnung shavqu zavqini koʻngul toʻtilari topti,

Na topti? Topti xush lazzat. Na lazzat? Lazzati shakkar.

Shoir yorning yuz goʻzalligini shu tariqa taʼriflab keladi-da, maqtaʼda asli maqsadi shu boʻlganini, ushbu gʻazali “yor jamoli shavqi”dan soʻz vositasida tortilgan surat ekanligini taʼkidlaydi:

Jamoling shavqina Sayfi Saroyi bogʻladi surat,

Na surat? Surati husno. Na husno? Husni jonparvar.

Ayrim manbalarda T. sanʼatiga berilgan taʼrif birmuncha farqlanadi. Unga koʻra, T. sanʼatining voqe boʻlishi uchun birinchi bayt qaysi soʻz bilan tugasa, keyingi baytning shu soʻz bilan boshlanishi va bu tartib sheʼrning boshidan oxirigacha saqlanishi talab etiladi. Garchi bu taʼrifda sheʼrning shakliy tomoniga koʻproq eʼtibor berilayotgan boʻlsa-da, u yuqoridagi taʼrifni inkor qilmaydi. Chunki avvalgi bayt oxiridagi soʻzning keyingi bayt boshida takrorlanishi tabiiy ravishda mazmun izchilligini ham taʼminlaydi. Taʼriflardagi farqning asosi shuki, ularning birida T.ga sheʼr sanʼati (yaʼni nutq bezagi), ikkinchisida esa kompozitsion usul sifatida qaralmoqda.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish