← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Tafsir

Tafsir (ar. تفسير – sharh, izoh) – mumtoz adabiyotdagi sheʼriy sanʼat, bayt avvalida mavhumroq tarzda aytilgan fikrni bayt davomida batafsil tushuntirib berish; ilmi badiʼga oid manbalarda tabyin deb ham yuritiladi. Yaʼni shoir goʻyo oʻzi aytgan fikr qandaydir noaniq, tushunarsiz ekanini his qiladi va uni izohlash, sharhlashga ehtiyoj sezadi, goʻyo oʻquvchiga mavhum boʻlib qolayotgan masala tushuntirilib, tafsir qilinadi. Mas., Navoiyning:

Ravzada kavsar qirogʻinda xayol ettim Bilol,

Yuz aro lab, lab uza shabrang xolingni koʻrub, –

bayti birinchi misrasida shoir xayoliga kavsar qirgʻogʻida oʻtirgan Bilol kelganini aytib, keyingi misrada buning sababini izohlaydi, yaʼni yorning yuzi jannatni, labi kavsarni, xoli esa Bilolni xayoliga keltirganini aytadi. E.Vohidovning:

Uch balodan saqlasin, charxi balokash boʻlmasin,

Doʻst mehrsiz, dardsiz ulfat, yor jafokash boʻlmasin, –

baytida esa avval “uch balodan saqlasin” degan istak ifoda etiladi, keyin “uch balo” deganda nimalar nazarda tutilayotgani sharhlanadi. Avvalida mavhum ifodalangan “uch balo” “mehrsiz doʻst”, “dardsiz ulfat” va “jafokash yor” tarzida konkretlashtiriladi. Ayrim manbalarda T. doirasi bir bayt bilan chegaralanmasdan, bir baytdagi mavhumlik keyingi baytda izohlanishi mumkinligi ham eʼtirof etiladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish