← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Tagmaʼno

Tagmaʼno – matnning bevosita mazmuniga muvofiq kelmaydigan, kontekst doirasida va muloqot subyektlariga maʼlum boʻlgan muayyan shart asosidagina voqe boʻluvchi maʼno. T. fikrning “kosa tagida nim-kosa” tarzida ifodalanishi natijasida voqe boʻladi, shuning uchun ham bunday hollar “tagdor qilib gapirmoq” deya taʼriflanadi. Soʻzlashuv jarayonida T.ga turlicha yoʻllar bilan ishora qilinishi (baʼzan esa, aksincha, nutq situatsiyasi bilan bogʻliq holda T. yashirilishi) mumkin. Mas., tasavvur qilingki, bir necha kishi orasidagi suhbat asnosi quyidagicha ikkita gap aytildi:

– Havo sovub ketdimi?

– Ha-a, bu yil havo pastroq, Ahmadjon, qish ham kelib qoldi...

Agar birinchi suhbatdosh qishda qaytarish sharti bilan Ahmadjondan qarz olgan boʻlsa, unda keyingi gap T. kasb etadi, yaʼni Ahmadjon suhbatdoshiga qarzni qaytarish muddati yaqinlashib qolganini eslatgan boʻlib chiqadi. Biroq bu maʼno faqat ularning ikkisiga (shartdan xabardor boʻlganlari uchun) maʼlum, xolos, boshqa suhbatdoshlar gapning bevosita maʼnosini qabul qiladilar. T.ning muhim xususiyati ham shu, bunda matnning zohiriy (bevosita) maʼnosi bilan botiniy maʼnosi mustaqil holda yashaydi, bir-biriga xalaqit bermaydi. Badiiy adabiyotda T. turli omillar (mas., fikrni ochiq ifodalash imkoni yoʻqligi; xoslar uchun yozish istagi va sh.k.) taʼsirida yuzaga keladi va turli gʻoyaviy-badiiy maqsadlarni koʻzlaydi. Mas., Choʻlponning “Men qochmadim” (1921) nomli sheʼri noma janrida yozilgan boʻlib, sarlavha ostida adresat aniq koʻrsatib qoʻyilgan: “Toshkentdagi oʻrtoqlarimga”. Sheʼr “Toshkentdagi oʻrtoqlari” shoirning Buxoroga joʻnashini qaynoq ijtimoiy hayotdan qochish deb baholaganlariga javob tarzida yozilgan. Eskidan aloqada boʻlgan kishilar orasida “muloqot konteksti” mavjud, shuning uchun sheʼr adresatga oʻzining bevosita maʼnosidan koʻproq maʼnolarni yetkazadi:

Men yangilar oʻlkasidan sinmagan

Bir qanotni taqib olib qoʻzgʻaldim:

Shu yoʻlimda yaproqlari soʻlmagan

“Yosh yogʻoch”ning soyasida toʻxtaldim.

Shoirning oʻrtoqlari Choʻlpon “yangilar oʻlkasi” deganida, qizil Turkistonni nazarda tutayotgani, bu yerda uning “bir qanoti singan”i, yaʼni ozodlikka boʻlgan umidlari chilparchin boʻlganini biladilar. Endi shoir sinmagan qanotini taqib, “yoʻl”ga tushgan, u hali oʻz “yoʻl”idan (“Shu yoʻlim”, yaʼni kurash yoʻlidan) qaytgan emas. Yaʼni unda ozodlikka erishish orzusi hali ham bor va shu yoʻldagi kurashni davom ettirish uchun yangi tashkil topgan Buxoro Jumhuriyati (“Yosh yogʻoch”)ga borgan. Choʻlpon “yosh yogʻoch”ning yaproqlari soʻlmaganligini ayricha taʼkidlaydiki (buning T.si shoir ijodi kontekstidagina ochiladi), kontekstdan xabardor doʻstlari uning nima demoqchiligini payqab olishlariga ishonadi. Choʻlpon sheʼriyatida inqilob faqat bir bora quyoshga oʻxshatilgan: “Muhabbat osmonida goʻzal Choʻlpon edim, doʻstlar, Quyoshning nuriga toqat qilolmay yerga botdim-ku”. Xuddi shu asosda Choʻlponni “yerga botirgan” quyosh hali “yosh yogʻoch”ning yaproqlarini soʻldirib ulgurmagan, shoir shu daraxt “soyasi”da undan omonlik topmoqchi, degan T. kelib chiqadi. Bundan ayon boʻladiki, shoir ijodida takrorlanuvchi poetik motivlar T.ga ishora qiladi (q. motiv). Umuman, badiiy adabiyotdagi T. koʻproq ramziy obrazlar (mas., Oybek. “Naʼmatak”), narsa-hodisalar orasidagi analogiyalar (mas., tarix – zamona), assotsiativ aloqalar (mas., tabiat – jamiyat) asosida yuzaga chiqadi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish