← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Tajnis

Tajnis (ar. تجنيس – hamjins, jinsdosh) – mumtoz adabiyotdagi sheʼriy sanʼat, shakli bir xil (omonim) yoki bir-biriga yaqin (omograf, omofon, omoforma) boʻlgan soʻzlarni baytning turli oʻrinlarida keltirgan holda, har bir oʻrinda alohida maʼnoni ifodalash. T. mumtoz sheʼriyatda eng faol qoʻllangan sanʼatlardan biri sanaladi. Uning asosida alohida sheʼriy janr (tuyuq) shakllangani, ayrim sanʼatlarning maxsus navlari (tajnisli tarseʼ, raddning ayrim koʻrinishlari va b.) voqe boʻlishi ham ijodkorlar shakldosh soʻzlar taqdim etuvchi badiiy-estetik imkonlarga alohida eʼtibor bilan qaraganlaridan dalolatdir. Mas., Navoiyning mashhur:

Qaro koʻzum, kelu mardumligʻ emdi fan qilgʻil,

Koʻzum qarosida mardum kibi vatan qilgʻil, –

matlaʼsining birinchi misrasida “mardum” soʻzi inson maʼnosida (yaʼni mardumligʻ – odamiylik, odamgarchilik), ikkinchi misrasida esa “koʻz qorachigʻi” maʼnosida qoʻllangan. Navoiyning boshqa bir:

Zulfi savdosi meni sudu ziyondin qildi fard,

Menu ul savdo, ishim yoʻqtur ziyonu sud ila, –

bayti birinchi misrasida “savdo” soʻzining “shaydolik”, “savdo-sotiq” kabi maʼnolari, ikkinchi misrasida esa “savdoyilik”, “es-hushdan ayrilganlik” maʼnosi nazarda tutilgan.

Ilmi badiʼga oid manbalarda T.ni turlarga ajratish masalasida ixtiloflar mavjud. Ushbu masalaga maxsus toʻxtalgan adabiyotshunos Yo.Ishoqov T.ni, avvalo, ikkiga – T.i tom va T.i noqisga ajratishni, soʻng esa T.i noqisning turlarini farqlashni taklif qiladiki, bu nazariy jihatdan toʻgʻri yoʻldir. T.i tom deganda, takrorlanayotgan soʻzlarning yozuv va talaffuzda aynan bir xil boʻlgani holda, turli maʼno ifodalashi, T.i noqis deganda esa ularning yozilishi yo talaffuzida juzʼiy farqlar boʻlishi nazarda tutiladi. Yuqoridagi ikkala bayt ham T.i tomga misol boʻla oladi. Navoiyning quyidagi tuyugʻida esa T.i noqis kuzatiladi:

Laʼlidin jonimga oʻtlar yoqilur,

Qoshi qaddimni jafodin “yo” qilur,

Men vafosi vaʼdasidin shodmen,

Ul vafo, bilmonki, qilmas yo qilur.

Bunda “yoqilur” soʻzi birinchi misrada “yoqmoq, alangalatmoq” maʼnosida, ikkinchi misrada “yo qilmoq, egmoq” maʼnosida, toʻrtinchi misrada esa “qilarmikan yo qilmasmikan” maʼnosida qoʻllangan. Lekin birinchi holda “yoqilur” bitta soʻz, ikkinchisida qoʻshma feʼl, uchinchisida esa soʻz qoʻshilmasining bir qismi boʻlib, ular yozilishda farqlanadi. Shu farq ushbu T.ning nuqsoni boʻlib, tajnisi noqis (nuqsonli tajnis) atalishiga sababdir. Manbalarda nuqsonli T.ning tajnisi muzayyyal, tajnisi muzoriʼ, tajnisi lohiy, tajnisi aks, tajnisi muzdavaj, tajnisi murakkab, tajnisi xattiy, tajnisi mushavvash kabi koʻrinishlari sanaladi. Shuni ham qayd etish lozimki, ularning nomlanishida turlichaliklar mavjud.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish