← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Tajohul ul-orif

Tajohul ul-orif (ar. تجاهل العارف – biluvchining bilmagan boʻlib koʻrinishi, oʻzini bilmaslikka solish) – mumtoz adabiyotdagi sheʼriy sanʼat, shoirning aslida bilgan narsasini bilmagandek qilib koʻrsatishi, bunda shoirning asl muddaosi biror narsaning asl holatini bilmagandek, uni boshqa biror narsaga oʻxshatish, yo madh etish, yo mubolagʻa, yo hazil qilish boʻladi. T.o. qoʻllangan bayt ritorik soʻroq gap tarzida shakllanadi, yaʼni shoir, aslida, biror narsani soʻrash, noaniq narsa yoki belgiga aniqlik kiritishni emas, ritorik soʻroq orqali yorning goʻzalligi, oshiqning holati yoki boshqa shu kabi biror vaziyatni oʻxshatish, qiyoslash orqali eʼtirof etishni maqsad qiladi. Mas., Atoyining:

Koʻz uchidin qiyo-qiyo sheva bila boqishlaring,

Jon tamurin qiyor uchun tigʻmu yo nazarmudur? –

baytida yorning “qiyo-qiyo” boqishlarini “bu shunchaki bir nazarmi, yo jon tomirini qiyish uchun tigʻmi?” tarzida yor nigohlarining tigʻdek oʻtkir ekanligini eʼtirof etmoqchi. Yoki Navoiyning:

Yuzni gullardin bezabmu bizni qurbon aylading,

Yo yuzingga tegdi qonlar bizni qurbon aylagach? –

baytida ham yor yuzidagi qizillikning asl sababini bilmagandek boʻlib, “yuzingni gullar bilan bezaganmisan yoki bizni qurbon qilish chogʻida qon sachraganmi?” tarzida ifoda etmoqda. Sheʼriyatimizda boshdan oxir T.o. sanʼati asosida yozilgan gʻazallar ham uchraydi. Mas., Atoyining:

Ey pari paykar sanam, sen nasli odamdinmusen,

Yo malak, yo hur, yo ruhi mujassamdinmusen? –

matlaʼli gʻazali shu tarzda bitilgan.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish