← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Tajziya

Tajziya (ar. تجزيه – boʻlak-boʻlak qilmoq) – mumtoz adabiyotdagi sheʼriy sanʼat, bayt misralarini ikki boʻlakka ajratib, har bir boʻlakni oʻziga muqobil boʻlgan ikkinchi boʻlak bilan qofiyadosh qilish. Yaʼni birinchi misraning birinchi boʻlagi ikkinchi misraning birinchi boʻlagi bilan, birinchi misraning ikkinchi boʻlagi esa ikkinchi misraning ikkinchi boʻlagi bilan qofiyalanadi. Misralarning bu koʻrinishda qofiyalanishi, asosan, fard, gʻazal yoki qasidaning matlaʼsi hamda masnaviy shaklida qofiyalanuvchi baytlarda kuzatiladi. Mas., Mashrabning mashhur:

Agar oshiqligʻim aytsam, kuyib jonu jahon oʻrtar,

Bu ishq sirrin bayon etsam, taqi ul xonumon oʻrtar, –

baytida birinchi misradagi “aytsam” soʻzi ikkinchi misradagi “etsam” soʻzi bilan, birinchi misradagi “jahon” soʻzi ikkinchi misradagi “xonumon” soʻzi bilan oʻzaro qofiyalangan. T. musajjaʼga (q.) oʻxshab koʻrinsa-da, haqiqatda undan farqlidir: musajjaʼda toʻrt boʻlak qilingan baytning uch boʻlagi qofiyalansa, T.da faqat ostin-ustin boʻlaklar oʻzaro qofiyalanadi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish