← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Takrir

Takrir (ar. تكرير– takror) – mumtoz adabiyotdagi sheʼriy sanʼat, bir soʻzni baytning turli oʻrinlarida takrorlash. Ayrim manbalarda raddning bir koʻrinishi sifatida taʼriflansa ham, T.ni alohida sanʼat sifatida tushunish, uni raddan farqlash maqsadga muvofiqdir. Chunki, birinchidan, T.da soʻzning takrorlanish oʻrni qatʼiy belgilangan emas: bitta soʻz ketma-ket takrorlanishi ham, bayt yo sheʼrning turli oʻrinlarida takrorlanishi ham mumkin; ikkinchidan, T.ning badiiy-estetik funksiyasi fikrni taʼkidlash boʻlib, ushbu sanʼat qoʻllangan bayt (yoki sheʼr) ohangi ham shunga mosdir. Mas., Feruzning:

Qilurman yutub shavqi laʼlingda qon

Figʻonu figʻonu figʻonu figʻon, –

baytida T. maʼnoni taʼkidlab kuchaytiradi va shunga mos ohang bilan oʻqishni taqozo etadi. Yoki Erkin Vohidovning:

Kechir, yanglishmagan kim bor, mening ham koʻp gunohim bor,

Odamzot asli nokomil, kechir, yo rab, kechir, yo rab.

baytidagi “kechir” soʻzining takrori iltijo ohangini kuchaytirib, lirik qahramon ruhiy holatini yorqin ifodalashga xizmat qiladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish