← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Tashbehi mashrut

Tashbehi mashrut (ar. تشبيه مشروط – shartlangan oʻxshatish) – tashbeh turlaridan biri, narsa-hodisani boshqa narsa-hodisaga maʼlum bir shart bilan oʻxshatish. Yaʼni T.m.ning yuzaga chiqishi uchun avval oʻsha shart bajarilishi lozim boʻladi. Mas.:

Ey, Navoiy, durri nazming xutbadek topqay sharaf,

Lutf ila qilsa nazar bayram kuni sulton anga, –

maqtaʼsida Navoiy oʻzining sheʼrlari xutbadek sharaf topishini aytadi, biroq buning uchun sultonning ularga “lutf ila” nazar solishi shart qilib qoʻyiladi. Yoki boshqa bir baytda Navoiy:

Halol ona sutidekdur gar oʻzbakim tutsa,

Tobuq qilib yukunub toʻstagʻon ichinda qimiz, –

deydiki, qimiz “ona sutidek” halol boʻlishi uchun uni “oʻzbakim tutishi” shart qilib qoʻyilmoqda.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish