← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Tasvir

Tasvir (ar. تسوير – tasvirlash, biror narsaning suratini solish) – badiiy vositalar yordamida voqelikdagi narsa-hodisalarni oʻquvchi (tomoshabin) bevosita va yaxlit holda, ularga xos individual-betakror xususiyatlar bilan birlikda konkret his eta oladigan tarzda aks ettirish. Garchi mohiyatan T. termini tasviriy sanʼatga xos boʻlsa-da, uni boshqa sanʼat turlariga nisbatan, xususan, badiiy adabiyotga tatbiqan qoʻllash ham oʻrinlidir. Badiiy adabiyotda T. soʻz vositasida amalga oshiriladi, shunga koʻra, tasviriy sanʼatdan farqli oʻlaroq, adabiy asarda tasvirlangan narsa-hodisa “ichki koʻz” bilan koʻriladi: soʻz vositasida oʻsha narsa-hodisa chizgilari muayyan ketma-ketlikda qayd etiladi va oxir-oqibatda tasavvurda uning T.i – surati jonlanadi. Tasviriy sanʼatning, ayniqsa, adabiyot singari dinamik tasviriy sanʼat sanaluvchi kinoning rivojlanishi, sanʼat turlariaro aloqa va taʼsir jarayonining mavjudligi, oʻquvchilarda estetik obyektni koʻrish orqali qabul qilish imkonlarining kengaygani badiiy adabiyotdagi T.ni sifat jihatidan oʻzgartirib, imkoniyatlarini kengaytirdi. Zamonaviy adabiyotning T. imkoniyatlari kengaygani hozirda adabiy asar tahlilida nuqtai nazar, perspektiva, rakurs, yirik plan, umumiy plan kabi terminlar tobora keng qoʻllanayotganida ham koʻrinadi. Bu esa hozirda tavsifning ichida va uning bir sifat koʻrinishi deb tushuniladigan T.ga, vaqti kelib, alohida kompozitsion unsur sifatida qaralishi mumkinligini koʻrsatadi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish