← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Tavshih

Tavshih (ar. توشيح – ziynatlash) – mumtoz adabiyotdagi sheʼriy sanʼat, misra yoki bayt boshidagi (baʼzan esa taqteʼlar chegarasidagi) harflar yigʻindisidan biror soʻz (ism) keltirib chiqarish. Mazkur sanʼat asosida yozilgan sheʼr muvashshah deb nomlanadi. T. sanʼati gʻoyat nozik, u shoirdan juda katta mahoratni talab etadi, chunki keltirib chiqarish koʻzda tutilgan soʻz misra (yoki bayt)ni maʼlum bir harf bilan boshlashni talab etadi. Bu esa misra (yoki bayt)ni mazmun ifodasi uchun eng maqbul soʻz bilan emas, chiqariladigan ismga mos soʻz bilan boshlashni taqozo qiladi, natijada shakl mazmundan ustuvorroq boʻlib qoladi. Yaʼni T. sanʼati yuksak mahorat va did bilan qoʻllansagina, sheʼrga zeb boʻladi, aks holda, u sheʼrning badiiy saviyasini tushirib yuborishi ham mumkin. Mas., XX boshlarida shoirlar davralarida “muvashshahbozlik” keng rusum boʻlgan: Muqimiy, Furqat, Hamza kabi davr shoirlarining koʻpgina sheʼrlari T. sanʼati asosiga qurilgan, lekin ularning bari ham badiiy jihatdan yetuk boʻlolmagan. Albatta, adabiyotimizda T. sanʼati mahorat va did bilan qoʻllangan sheʼrlar ham talaygina. Shulardan biri sifatida E.Vohidovning “Ismi ne ul qushnikim...” deb boshlanuvchi gʻazalini keltirish mumkinki, uning har bir bayti boshidagi harflar yigʻindisidan “istak” soʻzi kelib chiqadi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish