← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Tavzeʼ

Tavzeʼ (ar. توزيع – tarqatmoq, taqsim qilmoq, joylashtirmoq) – mumtoz adabiyotdagi sheʼriy sanʼat, baytda bir xil tovushlarni takrorlash. T.ga berilgan taʼriflarda ixtiloflar mavjud: ayrim manbalarda T.ning yuzaga chiqishi uchun faqat undosh tovushlar takrorlanishi shart qilinadi, boshqalarida esa bu shart qoʻyilmaydi, undosh yo unlilar takrorlanayotganidan qatʼi nazar, T. deb yuritilaveradi. T.dan hosil boʻluvchi poetik samara shuki, bir necha bora takrorlanuvchi tovush (yoki tovushlar guruhi) baytga oʻziga xos ohang, musiqiylik baxsh etadi. Mas., Navoiyning:

Oshiq oʻldum, bilmadim yor, oʻzgalarga yor emish,

Olloh-olloh, ishq aro mundoq balolar bor emish, –

bayti gʻoyat xushohang, chunki uning tarkibida “O” unlisining oʻn bir marta takrorlangani, yana bir jihati, birinchi va ikkinchi misralardagi “O” tovushi egallagan pozitsiyalarning bir-biriga mosligi musiqiylikni kuchaytirib bermoqda. Mirzo Kenjabekning quyidagi baytida esa T. sanʼati “s” va “q” undoshlarining bir necha marta takrorlanishi natijasida voqe boʻlgan:

Sekin-sekin suzardim suvdan soʻrab saodat,

Qalqa-qalqa qayigʻim qolmish sarob ichinda.

Qayd etish kerakki, T. tovushlarning mexanik takrori yoki shaklbozlikka moyillik emas, aksincha, uning sara namunalarida takrorlanayotgan tovushlar ifoda etilayotgan mazmun bilan uygʻunlik kasb etadi, mazmun ifodasini ritmik-intonatsion jihatdan kuchaytiradi. Jumladan, misolga olingan baytda sirgʻaluvchi “s” tovushi takrori hosil qilayotgan ohang sekin-sekin qalqib borayotgan qayiq holatiga mos va bu narsa uning oʻquvchi tasavvurida jonlanishiga yordam beradi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish