← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Tavtologiya

Tavtologiya (yun. tauto – aynan oʻsha, logos – soʻz) – matnda bitta soʻzning takrorlanishi; bu hodisa mumtoz adabiyotshunoslikda takrir (q.) deb atalgan. Xalq ogʻzaki ijodida, poetik nutqda T.dan sheʼriy nutq emotsionalligini oshirish, ifodalanayotgan fikr yoki tuygʻuga aloqador muhim soʻzni taʼkidlash orqali taʼsirni kuchaytirish vositasi sifatida keng foydalaniladi. Mas., I.Mirzo sheʼridan olingan bir bandda “yumshoq” soʻzi toʻrt bora aynan takrorlanadi:

Ushuq urgan koʻsaklar yumshoq,

Paxta yumshoq,

goʻdaklar yumshoq –

Domlaga gap qaytarmas edik,

Yer ham yumshoq – botardi etik...

Takrorlanayotgan “yumshoq” soʻzi shoʻro zamonida paxtaga qul qilingan xalq fojiasini “yumshoqlik” bilan ochib beradi, lekin bu “yumshoqlik”ning taʼsiri ancha-muncha invektiva ruhidagi xitoblardan taʼsirliroq. Buning bosh omili T.ning oʻrinli, maqsadli amalga oshirilganidir. Gap takrorlanayotgan soʻzlarning oʻrniga tushganidagina ham emas, muhimi, ular fikr-tuygʻuni taʼkidlab-boʻrttirib ifodalayotganida. Takrorlanayotgan “yumshoq” soʻzi “osmon uzoq, yer qattiq” naqli bilan pinhon zid qoʻyiladi va shu asosda holatning mantiqqa sigʻmaydigan, chidab boʻlmaydigan ekanligi anglashiladi. Demak, bu oʻrinda T. oʻzini har jihatdan oqlaydi. Biroq badiiy nutqda birgina soʻz takrorlanar ekan, bunda meyorni unutmaslik, ayni soʻz har gal takrorlanganida, qoʻshimcha tarzda muayyan badiiy-estetik yuk tashishi lozimligini eʼtiborda tutish zarur. Zero, badiiy usul sifatidagi T. bilan nuqson sanaluvchi T. orasidagi chegara deyarli shaffof boʻladi. Matnda bitta soʻzni oʻrinsiz, muayyan badiiy-estetik vazifa yuklamagan holda takrorlash salbiy maʼnodagi T.ni yuzaga keltiradi. Amalda termin shu maʼnoda faolroq ishlatiladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish