← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Tavsif

Tavsif (ar. توصيف – sifatlash, maqtash) – rivoyaviy asar kompozitsiyasining uzviy qismi, asar voqeligiga kiritilayotgan narsa-hodisa, joy, portret, interyer, eksteryer va sh.k.lar tasviri. T.ning statik va dinamik koʻrinishlari ajratiladi: voqea rivoji toʻxtatilgan holda berilgan T.lar statik, voqea rivoji davomida berilgan T.lar esa dinamik deb yuritiladi (q. peyzaj, portret). Voqeaband syujet asosidagi asarlarda T. qadimdan bor. Jumladan, xalq ogʻzaki ijodidagi dostonlarda T. keng oʻrin tutadi: qahramon portreti, uning oti, qurol-yarogʻi va sh.k.larning boʻrtma T.i asarning taʼsir kuchini oshiradi, voqealarni asoslaydi, xarakterologik xususiyatlar kasb etadi. Zamonaviy adabiyotda, xususan, epik asarlarda statik T. salmogʻi birmuncha kamayib, koʻproq dinamik T.lar berilayotgani kuzatiladi. Shuningdek, T. boshqa turlarga mansub asarlarda ham mavjud boʻlib, u har bir janrning kompozitsion-uslubiy xususiyatlaridan kelib chiqqan holda qoʻllanadi. Mas., dramatik asarlardagi remarkalarda berilgan T.lar alohida muhim detallar qaydidangina iborat, ular yarim tayyor holda boʻlib, sahnalashtirish vaqtida konkretlashtirilish va toʻldirilishni koʻzda tutadi. Lirik asarlardagi T. detallari, umuman olganda, his-tuygʻu obyekti sifatida muhim. Shu bilan birga, tavsifiy lirikada, jumladan, peyzaj lirikasida T. janr belgilovchilik xususiyatiga ega boʻladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish