← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Tazod

Tazod (ar. تضاد– zid qoʻyish, qarshilantirish) – mumtoz adabiyotdagi sheʼriy sanʼat, nasr yo nazmda bir-biriga qarama-qarshi maʼnoli soʻzlarni ishlatish. Ilmi badiʼga oid asarlarda T. sanʼati tiboq, taboq, tatbiq, takofu, mutobaqa, mutobiqa, taqobul, mutazod kabi nomlar bilan ham yuritilgan, nomlanishi turlicha boʻlsa ham, ular mohiyatan deyarli bir xil. Shoir lirik qahramon koʻnglidan kechayotgan ziddiyatli kechinmalarni bayon etish, bir-biriga zid manzaralar chizish yo boshqa shu kabi maqsadlarni koʻzlab, bayt tarkibida bir-biriga qarama-qarshi maʼnoli soʻzlar (antonimlar)dan foydalanadi. T.ni yuzaga keltirayotgan qarama-qarshi maʼnoli soʻzlar anglatuvchi tushunchalar bir-biriga mutlaqo zid (oʻt va suv) boʻlishi, zidlik darajasi u qadar keskin boʻlmasligi (qora va qizil), feʼlning boʻlishli-boʻlishsiz shakllari orasidagi kabi (keldi-kelmadi) faqat shartli ravishdagina zidlanishi ham mumkin. Mumtoz adabiyotshunoslikda shu jihatlardan kelib chiqib, T.ning bir necha turlari farqlangan boʻlsa ham, hozirgi adabiyotshunoslikda zidlikning qaysi koʻrinishi boʻlishidan qatʼi nazar, T. atamasi bilan yuritiladi. Mas., Lutfiy gʻazallaridan birini:

Yoʻqturur yolgʻiz bu Lutfiy jonigʻa javri raqib,

Qayda bir dono durur, ul javri nodon tortadur, –

maqtaʼsi bilan yakunlarkan, “raqib jabru jafosini tortayotgan faqatgina Lutfiy emas, qayerdaki bir dono boʻlsa, u nodon jabrini tortadi”, aslida hayotning qonuni shunday, degan chuqur falsafiy xulosaga keladi. Baytda qoʻllangan T., dono va nodon soʻzlari orasidagi zidlik mazkur falsafiy xulosaga asos boʻlib, uni yorqin ifodalashga xizmat qilgan.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish