← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Tashbeh

Tashbeh (ar. تشبيه – oʻxshatish) – mumtoz adabiyotdagi sheʼriy sanʼat, ikki narsa va tushuncha, harakat yoki holat va sh.k.larni bir-biriga oʻxshatish, qiyoslash. Adabiyotda, xususan, sheʼriyatda eng keng tarqalgan va qadimiy sanʼatlardan biri. T.ning yuzaga kelishida ikki narsa-tushuncha, ikki harakat va holat orasidagi oʻxshashlik asos boʻladi. Oʻxshatish uchun haqiqiy, real hayotiy narsa-buyumlar tanlangan boʻlsa, haqiqiy T., noaniq, mavhum narsalar tanlangan boʻlsa, majoziy T. yuzaga keladi. T. sanʼati toʻrt juzv orqali yuzaga keladi: mushabbih, mushabbihun bih, vajhi shabih, vositai tashbih.

Mushabbih (yoki mushabbah) – oʻxshatilayotgan narsa. Tushuntirish uchun “oy kabi goʻzal yuz” T.i misol qilib olinsa, unda “yuz” mushabbihdir. Mushabbihun bih (yoki mushabbah bih) esa oʻxshayotgan narsa, misolimizda “oy” mushabbihun bih boʻladi. Vajhi shabih (yoki vajhi shibh) – oʻxshatilish sababi, yaʼni ikki narsa-tushunchani bir-biriga oʻxshatish asosi, “oy kabi goʻzal yuz”da yuz bilan oy goʻzallik vajidan oʻxshatilayotir. Vositai tashbih (yoki odoti tashbih) – oʻxshatishli konstruksiyadagi grammatik vosita, misolimizda “kabi” koʻmakchisi oʻxshatish vositasidir.

T.ning yuzaga kelishida mazkur unsurlarning barchasi ishtirok etishi ham, ulardan ayrimlari ishtirok etmasligi ham mumkin. Mas. Boburning:

Yo qoshing yangligʻ egilgan jismi zorimnimu dey?

Yo sochingdek tiyra boʻlgʻan roʻzgorimnimu dey? –

bayti har ikkala misrasida ham barcha unsurlari mavjud boʻlgan T. qoʻllangan: birinchi misrada “qosh” – mushabbih, “yangligʻ” – vositai tashbih, “egilgan” – vajhi shabih, “jism” – mushabbihun bih; ikkinchi misrada “soch” – mushabbih, -dek – vositai tashbih, “tiyra” – vajhi shabih, “roʻzgor” – mushabbihun bih. T.ning bu turi, yaʼni toʻrtala unsur ham qatnashgan koʻrinishi tashbehi mufassal deyiladi.

Ilmi badiʼga oid adabiyotlarda T. tuzilishi (yuqoridagi unsurlarning ishtiroki), qiyoslanayotgan narsa-tushunchalar orasidagi oʻxshashlik darajasiga koʻra, yana bir qancha turlarga boʻlinadi. Ularda tasnif bilan bogʻliq turlichaliklar boʻlsa ham, T.ning koʻpchilik tomonidan eʼtirof etilgan turlari sifatida quyidagilarni sanash mumkin: T.i mujmal (q.), T.i muyaqqad (q.), T.i mutlaq (q.), T.i kinoyat (q.), T.i mashrut (q.), T.i tasviyat (q.), T.i aks (q.), T.i izmor (q.), T.i tafzil (q.), T.i musalsal (q.), T.i moʻʼkad (q.)

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish