← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Tashbehi aks

Tashbehi aks (ar. تشبيه عكس – teskari oʻxshatish) – tashbeh turlaridan biri, avval bir narsa ikkinchi bir narsaga oʻxshatiladi, soʻng buning aksi amalga oshiriladi, yaʼni ikkinchi narsa birinchi narsaga oʻxshatiladi. Boshqacha aytilsa, T.a.da avval mushabbih boʻlgan soʻz keyin mushabbihun bih, mushabbihun bih boʻlgani esa mushabbihga aylanadi. Mas., Navoiyning quyidagi:

Yuzung quyoshmi ekin yo quyosh yuzungmi ekin

Ki, qaysi, qaysi ekan farq emas, nechukki egiz, –

baytida avval yuz quyoshga, keyin esa quyosh yuzga oʻxshatiladi, yaʼni “yuz” birinchi holda mushabbih boʻlsa, keyingisida mushabbihun bihga aylanadi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish