← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Tashbehi izmor

Tashbehi izmor (ar. تشبيه اضمار – yashirin oʻxshatish) – tashbeh turlaridan biri boʻlib, bunda, zohiran qaralsa, shoir oʻxshatishni maqsad qilmagandek tuyuladi, haqiqatda esa uning maqsadi oʻxshatish boʻladi. Boshqacha aytsak, T.i. tashbehi mutlaqning (q.) tamom ziddidir, unda bir narsaning ikkinchi narsaga oʻxshatilayotgani haqida hech bir ishora boʻlmaydi; tashbehi muyaqqaddan (q.) farqli ravishda, T.i.da mushabbih va mushabbihun bih sintaktik birlik (gul yuz, sarv qad kabi) hosil qilmaydi; nihoyat, T.i. hamisha ifodadagi boshqa bir maqsad bilan goʻyo pardalanadi. Shulardan kelib chiqib, mumtoz sheʼriyatdagi taajjub, tajohul ul-orif, husni taʼlil kabi sanʼatlar oʻxshatish asosida voqe boʻlgan hollarning barida T.i. mavjud boʻladi, deyish mumkin. Mas., tajohul ul-orif sanʼati qoʻllangan quyidagi:

Tun yarimda kun tugʻurdi yoki beparvo chiqib,

Zulf arosidin yuzini oyga koʻrsatganmukin, –

baytida, zohiran qaraganda, shoirning muddaosi oʻzini hayronu bexabar qilib koʻrsatishdek koʻrinsa ham, aslida, maqsadi yor zulfini tunga, yuzini kunga oʻxshatishdir.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish