← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Tematika

Tematika – tor maʼnoda muayyan asarga qoʻyilgan katta-kichik tema (mavzu)lar jami boʻlib, bu oʻrinda tema (mavzu) oʻz ichiga “problema” maʼnosini ham singdirgan boʻladi (q. mavzu). Hayotni keng koʻlamda aks ettiruvchi yirik hajmli asarlarda bosh mavzudan tashqari u bilan bogʻliq boʻlgan boshqa bir qator tema (mavzu)lar ham qoʻyiladi. Odatda, bu mavzular oʻzaro integrativ aloqada boʻlib, ular bir-birini toʻldiradi, biri ikkinchisini ochishga xizmat qiladi. Mas., “Oʻtgan kunlar”ning bosh mavzusi yurt (millat) taqdiri boʻlsa, uni koʻlamli tasvirlash va teran badiiy idrok etish uchun muhabbat, shaxs erki, otalar va bolalar muammosi, eskilik va yangilik kurashi, manfaati shaxsiya va manfaati milliya munosabati kabi qator mavzular ham ishlanadiki, ularning jami roman T.sini tashkil qiladi. Bundan tashqari, T. termini muayyan adib ijodi, adabiy avlod, adabiy oqim kabilarga nisbatan ham qoʻllanilib, ularning ijodiy faoliyatida asosiy oʻrinni tutgan mavzular jami tushuniladi. Mas., jadid adabiyotining T.si millat taqdiri, maʼrifat, taraqqiy, milliy istiqlol (pardalangan holda) kabi mavzularni oʻz ichiga oladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish