← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Tendensiya

Tendensiya (lot. tendere – yoʻnaltirish, intilish) – tasvirlanayotgan voqea-hodisalarga muallifning gʻoyaviy-hissiy munosabati, obrazlar sistemasi orqali aks etuvchi asar problematikasining badiiy idrok etilishi va baholanishi. T. asar problematikasidan kelib chiqib tanlangan hayot materialini muayyan maqsadga mos umumlashtirgan va yoʻnaltirgan holda, badiiy gʻoyani yuzaga chiqaradi. Aslida, T. yaratilajak asarning gʻoyaviy-tematik tomonlariga ijod jarayonining ilk bosqichidan boshlab faol taʼsir qiladi. Zero, muallif oʻzini qiynayotgan muammolar haqida maʼlum darajada shakllangan xulosaga ega, shunga koʻra, T. qaysi materialning tanlanishini ham muayyan darajada belgilaydi. Ikkinchi tomondan, ijodkor oʻzi tasvirlayotgan narsa-hodisalarga mutlaq betaraf mavqeda turishi mumkin emas. Ijod jarayoni uchun tabiiy va qonuniy sanaluvchi bu hol T.ning hamisha mavjud boʻlishini koʻrsatadi. Shunga qaramay, T.ning ochiq-oshkor ifodalanishi tendensiozlikka olib kelishi, bu esa gʻoyaviy-badiiy jihatdan jiddiy nuqsonlarni keltirib chiqarishini unutmaslik lozim.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish