← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Tip

Tip (yun. typos – nusxa, namuna) – badiiy obrazning umumlashtirish darajasiga koʻra turlaridan biri, insonning muayyan tarixiy davr va undagi konkret ijtimoiy muhitga xos umumiy xususiyatlarni oʻzida jam etgan umumlashma obrazi. Termin adabiyotshunoslikda ikki xil maʼnoda qoʻllanadi. Birinchisi – T. soʻzining leksik maʼnosiga mos, bunda oʻzida insonga xos muqim feʼl-xususiyatni mujassam etgan obraz nazarda tutiladi. Yaʼni mohiyat eʼtibori bilan bunday obraz emblemaga yaqinlashadi (mas., Sharq mumtoz adabiyotidagi Hotami Toyi; Gʻarb adabiyotida Don Juan), bunday obrazlar maʼlum bir feʼl-xususiyat (saxiylik, xasislik, ochkoʻzlik, ikkiyuzlamachilik va sh.k.)ning belgisiga aylanadi, ularda shaxs individualligi muhim emas. Ikkinchi maʼnosida esa T. muayyan ijtimoiy-tarixiy sharoit, davr va muhitga xos muhim xarakterli xususiyatlarni oʻzida namoyon etgan inson obrazini anglatadi. Realistik adabiyot insonni butun murakkabligi bilan, unda oʻz davri va muhitiga xos umumiy hamda individual xususiyatlarni (q. xarakter) jam etgan holda tasvirlashni koʻzda tutadi. Shu bilan birga, konkret asardagi barcha obrazlar badiiy xarakter darajasiga yetmaydi, qator obrazlar xarakterlar (yetakchi personajlar) uchun fon vazifasini oʻtaydi. Mas., Choʻlponning “Kecha” romanidagi Miryoqub, Akbarali, Razzoq soʻfi va qisman Zebi obrazlari badiiy xarakter darajasida yaratilgan boʻlsa, Qurvonbibi, Eshonbobo, Noyib toʻra, Poshshaxon, Maryam kabilar, koʻproq, T., yaʼni davr va muhitga xos umumiy xususiyatlarni jam etgan obrazlar sifatida koʻzga tashlanadi. Shu jihatdan qaralsa, shoʻro davri adabiyotshunosligida mavjud boʻlgan T.ga xarakterlilikning oliy darajasi sifatida qarash, uni xarakterdan yuqori qoʻyishga intilish toʻgʻri emas. Bunday qarash adabiy T.ni biroz oʻzgacha tushunish natijasida yuzaga keldi. Unga koʻra, insonda uning oʻzigagina xos betakror xarakter xususiyatlari bilan birga, oʻz davri va muhiti kishilari uchun umumiylik kasb etgan xususiyatlar ham mavjud, T.da shu ikki jihat uygʻun aks etishi lozim, bunda individuallik tipiklikni namoyon etish shakli boʻlib qolishi talab etiladi. Yaʼni bu xil qarashda badiiy xarakter bilan T. orasida farq qolmaydi, shuning uchun ham T.ga xarakterlilikning yuqori darajasi deb qarash va shundan kelib chiqib Pavel Vlasov, Pavel Korchagin, Gʻofir, Yoʻlchi kabi obrazlarni boshqalardan ustun qoʻyish imkoni tugʻiladi. Ikkinchi tomoni, voqelikdagi inson tiplarini toʻgʻridan-toʻgʻri adabiyotga kiritish natijasida inson obrazi jonlilikdan mahrum boʻlib, sxematiklik kasb etadi va muayyan gʻoyani ifodalash vositasigina boʻlib qoldi. Shoʻro davri oʻzbek adabiyotida, ayniqsa, 30 – 50-yillarda yaratilgan asarlarda harakatlangan “boy”, “kambagʻal”, “dindor”, “bolshevik”, “bosmachi”, “kolxoz faoli”, “quloq” va h. T.larning aksariyatida shu hol kuzatiladiki, bu narsa oʻsha asarlarning oʻtkinchi hodisaga aylanib qolishiga sabab boʻldi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish