← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Tersina

Tersina (ital. terza rima – uchinchi qofiya) – italyan sheʼriyatidagi uch misrali bandlardan tarkiblangan sheʼr shakli. T. band shaklida yozilgan sheʼr aba bcb cdc ded... shaklida, yaʼni bandning 1- va 3-misralari oʻzaro, 2-misrasi esa keyingi bandning 1- va 3-misralari bilan qofiyalanadi. T. shaklida yozilgan sheʼr (yoki dostonning bobi) bitta alohida misra bilan yakunlanib, u oxirgi bandning 2-misrasi bilan qofiyalanadi: shu tariqa sheʼr ritmik-intonatsion jihatdan tugallik kasb etadi. Dante Aligyerining mashhur “Ilohiy komediyasi” T. shaklida yaratilgan boʻlib, bu asar mazkur band shaklining etaloniga aylanib qoldi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish