← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Tragediya

Tragediya (yun. tragoidia – echki qoʻshigʻi) – dramatik turning uchta asosiy janridan biri, janr sifatida antik davrda shakllangan boʻlib, uning asosiy estetik belgisi tragiklikdir. T. genetik jihatdan maʼbud Dionisning oʻlimi va qayta tirilishi munosabati bilan ijro etilgan marosim qoʻshiqlariga borib taqaladi. T.ning janr xususiyatlari tragik konflikt, tragik holat va tragik qahramon tushunchalari bilan belgilanadi. Tragik konflikt deganda, mohiyatan yechimi yoʻq, mavjud sharoitda hal qilib boʻlmaydigan ziddiyat tushuniladiki, u har vaqt qahramon ongida kechadi. Qadimgi T.larda konflikt shaxs va taqdiri azal oʻrtasida (mas., “Shoh Edip”) kechgan boʻlsa, keyinroq bu konfliktning ikkinchi tomoni oʻzgardi: taqdiri azal oʻrnini endi shaxsdan yuqori turuvchi oliy maʼnaviy kuchlar (bunda yozilmagan, biroq inson hayotini muayyan tartibga soluvchi maʼnaviy qonun-qoidalar, mas., burch hissi kabilar nazarda tutiladi) egallaydi. Tragik konflikt asosida yuzaga keluvchi tragik holatning mohiyati shundaki, qahramon tashqi kuchlar bilan emas, oʻzi bilan oʻzi olishadi, mana shu olishuv oqibati oʻlaroq, chuqur maʼnaviy iztirob, ruhiy qiynoqlarga duchor boʻladi. Oʻzining foje holatida ham maqsad sari intilishlik, ruhiy iztiroblaru qiynoqlarga qobillik tragik qahramonga xos xususiyatdir. Tragik qahramon qarshisida erkin tanlov imkoniyati mavjud – u maqsaddan voz kechishi, oson yoʻlni tanlashi mumkin, biroq u bunday qilmaydi, oʻzining jisman yoki maʼnan halokatga uchrashi mumkinligini bilgan holda ham maqsadidan, eʼtiqodidan qaytmaydi. Xuddi shu asosda tragik qahramonning xarakter kuchi, uning favqulodda shaxsligi namoyon boʻladi. Mas., “Shoh Edip”dagi Edip yurt boshiga kelgan ofatning sababchisi oʻzi boʻlishi mumkinligini sezganidayoq taftishni toʻxtatishi, “yopiqliq qozon yopiqligicha” qolaverishi mumkin edi. Biroq u – tragik qahramon, chekiga tushgan iztirobu qiynoqlar qadahini tubigacha sipqoradi. Realizm bosqichigacha yaratilgan T.larda tragik qahramon sifatida, koʻproq, mifologik personajlar, shohlar, shahzodalar, malikalaru sarkardalarning olingani bejiz emas, zero, oʻzining foje holatini idrok eta olish, qalbiyu ongida maʼnaviy-ruhiy iztiroblarni kechira olish, shunda ham ruhan sinmay maqsad tomon yurishga oʻrtamiyona odamlarning chogʻi kelmaydi. Shu sababli ham adabiyotimizda XX asr oʻrtalarida yaratilgan T.ning janr talablariga toʻla javob berishga yaroqli “Mirzo Ulugʻbek”, “Jaloliddin Manguberdi” asarlaridan birining markaziga shoh, ikkinchisining markaziga sarkarda chiqarilgan. T.lar janr problematikasi nuqtai nazaridan turlicha: ularda maʼnaviy-axloqiy (“Shoh Edip”, “Qirol Lir”), millatning tarixiy taqdiri (“Jaloliddin Manguberdi”) yoki romaniy problematika (“Mirzo Ulugʻbek”) badiiy talqin qilinishi mumkin. T. janri faolligini yoʻqotgan, zamonaviy dramaturgiyada bu janr deyarli ishlanmaydi, biroq tragiklik badiiy adabiyotda estetik belgi (q. badiiylik moduslari, pafos) sifatida saqlanib qolgan.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish