← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Tragiklik

Tragiklik, tragizm (ruschadan kalka “tragicheskoye”) – voqelikka munosabat turi; badiiylik modusi. T. satira kabi qahramonlik modusining keyingi davrlarda tranformatsiyaga uchrashi natijasida yuzaga kelgan boʻlib, bu jihatdan tragizm qahramonlikka nisbatan vertikal, satiraga nisbatan gorizontal parallel qoʻyiladi. Tragik modus qahramoni oʻz ichidan belgilagan chegaralar uning uchun tashqaridan belgilangan chegaralardan ancha keng boʻlishi bilan qahramonlik va satirik moduslardan farqlanadi. Tragizmga xos “men-olamda” konsepsiyasiga koʻra, tragik qahramon olamdagi oʻzi uchun belgilangan oʻringa sigʻmaydi, qahramonning olamda oʻz mavjudligini tasdiqlashga intilishi olam tartibotiga zid keladi, bu esa tashqi olam uning uchun belgilagan chegaralarni buzish (tragik xato, tragik ayb) bilan tengdir. Shuning uchun ham tragik konflikt mavjud sharoitda yechimi yoʻq, kelishtirib boʻlmas ziddiyat deya taʼriflanadi. Tragik qahramon uchun ikkita yoʻl bor: yo oʻzligidan voz kechish, yoki xato va ayb orqali boʻlsa-da, oʻzligini tasdiqlash. Natijada qahramon hatto hayotdan ketish orqali boʻlsa-da, oʻz mavjudligini, oʻz taqdirini oʻzi belgilash, oʻziga belgilangan chegaralarni kengaytirish istagini namoyish qiladi (Edipning maʼbudlar hukmini kutib oʻtirmay, oʻz-oʻziga jazo berishi, Anna Kareninaning oʻlimi). Tragik qahramon uchun oʻz-oʻzini tasdiqlash faqat oʻzi uchungina muhim boʻlib qolmay, tashqi olam unga belgilagan chegaralarni oʻzgartirish, oʻzini tashqi olam uchun tasdiqlatib olish ham birdek zaruratga aylanadi. Shuning uchun ham tragik qahramon (uning istaklari, intilishlari) va unga qarama-qarshi turgan kuchlar (oliy darajadagi kuchlar, umuminsoniy qadriyatlar, mavjud sharoitda oʻzgartirishning iloji yoʻq boʻlgan sharoit va b.) oʻrtasidagi ziddiyat aksar qahramonning oʻz ichki ziddiyati sifatida boʻy koʻrsatadi. Yaʼni qahramonning oʻzini boricha tasdiqlatib olish istagi (ichki chegaralariga mos mavjudligi) bilan olam tartibotining bunga imkon bermasligiga iqrorlik qahramon qalbida, ruhiyatida toʻqnashadi (Edip, Hamlet, Anna Karenina). Shunga koʻra, tragik qahramonning “olamdagi men”i bartaraf qilib boʻlmaydigan ikkilanganlik xususiyatiga ega boʻlib (Dostoyevskiyning “Aka-uka Karamazovlar”ida: Ivan Karamazov – Iblis; N.Otaxonovning “Oq bino oqshomlari” hikoyasida Hafiza – xayoliy dugona), ikkinchi tomon birinchisini inkor qiladi. Shu jihatdan qaralsa, mavjudlikning tragik koʻrinishi – satiraning ziddi: satirada qahramon oʻz-oʻzini tasdiqlash yoʻlidan borgani holda, pirovardida oʻzini inkor etishga kelsa, T.da oʻz-oʻzini inkor qilish mohiyatan oʻzini tasdiqlash demakdir.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish