← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Trilogiya

Trilogiya (yun. tri – qoʻshma soʻzlar tarkibida uch va logos – soʻz, hikoya, rivoyat) – syujet-kompozitsion qurilishi jihatidan nisbiy mustaqillikka ega boʻlgan uchta asarning umumiy personajlarga egaligi, syujet chiziqlarining davomiyligi, muallif niyatining yagonaligi va shulardan kelib chiquvchi yaxlit konsepsiya tufayli butunlikka birikuvidan tashkil topgan asar. Antik adabiyotda uchta tragediyadan tarkib topuvchi turkumlar T. deb yuritilgan. Jahon adabiyoti tarixida daramatik asarlarni birlashtiruvchi T.lar ham, epik asarlarni birlashtiruvchi T.lar ham koʻplab yaratilgan. Jumladan, P.Bomarshe ijodida komediyalardan (“Sevilyalik sartarosh”, “Figaroning uylanishi”, “Aybdor ona”), L.N.Tolstoy merosida avtobiografik qissalardan (“Bolalik”, “Oʻsmirlik”, “Yoshlik”) tarkib topgan T.lar mavjud. T.ning oʻzbek adabiyotidagi namunasi sifatida S.Ahmadning “Ufq” (“Qirq besh kun”, “Hijron kunlarida”, “Ufq boʻsagʻasida”) asarini koʻrsatish mumkin.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish