← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Tugun

Tugun (ruschadan kalka: “zavyazka”) – epik va daramatik asarlardagi voqeaband syujetning muhim unsuri, voqealarning boshlanishiga turtki boʻlgan voqea, asar konflikti qoʻyilgan joy. T. syujetning zaruriy elementi sanaladi, yaʼni u syujetda har vaqt hozirdir. Faqat ayrim hollarda, xususan, baʼzi xronikali syujetlarda, shuningdek, “ichki harakat” dinamikasi asosidagi syujetlarda u yetarlicha boʻrtib koʻrinmasligi mumkin. T., odatda, asarning boshlanishida, ekspozitsiyadan (agar u boʻlsa) keyinoq beriladi. Muayyan badiiy-estetik maqsadni koʻzda tutgan holda, T.ning oʻrni oʻzgartirilishi ham mumkin. Mas., “Oʻtgan kunlar” romanida Otabek bilan Kumushning dafʼatan uchrashib qolishi – birinchi boʻlim T.i, biroq bu voqea shu boʻlim nihoyasida bayon qilinadi. Yana bir jihati, “Oʻtgan kunlar”ning uchala boʻlimi ham oʻz T.ga ega: birinchi boʻlimdagi syujet yechimi – Otabek bilan Kumushning toʻyi ikkinchi boʻlim voqealariga turtki bergan T. boʻlsa, ikkinchi boʻlimdagi syujet yechimi – Otabekning oʻchini olgach Toshkentga ketib qolishi uchinchi boʻlim voqealariga turtki beruvchi T.dir. Oʻzgacharoq hol “Kecha va kunduz”da ham kuzatiladi: Akbaralining Zebiga sovchi qoʻyishi bitta T. boʻlsa, Miryoqubning Maryamga ishqi tushgani ikkinchi T.ni tashkil qiladi. Demak, yirik hajmli asarlar syujetida bir emas, bir nechta T. boʻlishi, asarning nisbiy tugallikka ega qismlari yoki har bir mustaqil syujet liniyasi oʻz T.iga ega boʻlishi mumkin ekan.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish