← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Tuyuq

Tuyuq (turkiy تويوق – tuymoq, his qilmoq) – turkiy xalqlar sheʼriyatidagi toʻrt misralik, tajnisli qofiyaga asoslangan, ramali musaddasi maqsur (kamdan-kam hollarda ramali musaddasi mahzuf) vaznida yoziluvchi lirik janr. T.lar, koʻproq, a-a-b-a tarzida qofiyalanadi, shuningdek, a-a-a-a yoki a-b-v-b tarzida qofiyalangan koʻrinishlari ham mavjud. Dastlab xalq ogʻzaki ijodida paydo boʻlgan T. janri keyincha koʻplab mumtoz shoirlar eʼtiborini tortgan: Lutfiy, Navoiy, Bobur, Yusuf Amiriy, Ubaydiy, Ogahiy soʻz sanʼatkorlari janr takomiliga katta hissa qoʻshganlar. Ayrim manbalarda T.ning tajnisli qofiyaga ega boʻlishi shart hisoblanmaydi (mas., Bobur. “Muxtasar”). Shunga qaramay, tajnisli qofiyaga ega boʻlgan T.lar kengroq tarqalgan, tajnisli qofiyani janrni belgilovchi xususiyat sifatida tushunish koʻproq ommalashgan. Jumladan, A.Navoiy ham “tuyugʻdirkim, ikki baytqa muqarrardur va saʼy qilurlarkim, tajnis aytilgʻay va ul vazn ramali musaddasi maqsurdir...” deb hisoblaydi, yaʼni tajnisli qofiya masalasida qatʼiy talab qoʻymasa-da, “tajnis aytish”ga harakat qilish lozimligini uqtiradi. Haqiqatan ham tajnisli qofiya T. janriga oʻziga xos joziba baxsh etadi, oʻquvchiga betakror zavq beradi. Mas.:

Koʻz yoshim tuproq ila gar qotila,

Kelmagayman javridin, haqqo, tila.

Gʻamzasi oʻltirdiyu, ul bexabar,

Men agar oʻlsam, ne gʻam ul qotila, –

Lutfiyning mazkur T.ida tajnisli qofiya orqali quyidagi maʼnolar ifodalanmoqda: birinchi misrada “agar koʻz yoshim tuproq bilan qotilsa, aralashsa”, ikkinchi misrada “jabridan, ey xudo, tilga kelmayman”, toʻrtinchi misrada “men oʻlib ketsam, u qotilga nima gʻam”. Yaʼni T.da shakldosh soʻzlar moʻʼjazgina matn doirasida turli maʼnolarda va oʻrinli qoʻllanishi darkor, bu esa shoirdan yuksak badiiy mahoratni talab qiladiki, bunga javob bera oladigan T. ona tilining goʻzalligidan zavqlanish, uning beqiyos imkoniyatlari bilan faxrlanishga asos boʻladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish