← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Toʻrtlik

Toʻrtlik – 1) toʻrt misralik band turi; katren, murabbaʼ. T. sheʼriyatda eng koʻp tarqalgan band turlaridan sanaladi. T. bandda qofiyalanish tartibining kesishgan (abab), oʻrama (abba), juftlik (aabb) shakllari koʻproq tarqalgan. Shuningdek, T.ning murabba shaklidagi qofiyalanish tartibi (aaab sssb) ham boʻlib, bu shakl nisbatan kam tarqalgan. “Devonu lugʻatit turk”da misol qilib keltirilgan xalq qoʻshiqlari, asosan, T. bandlardan tarkib topgani uning turkiy xalqlar adabiyotida qadimdan mavjud boʻlganini koʻrsatadi. Mumtoz sheʼriyatimizda T. band murabbaʼ janrida saqlangan boʻlsa, XX asrda u yanada faollashdi. Hozirgi oʻzbek sheʼriyatidagi lirik sheʼrlarning aksariyati T. bandlardan tarkib topgan; 2) toʻrt misradan tarkib topuvchi sheʼr, xalq ogʻzaki ijodi va mumtoz sharq sheʼriyatidagi ruboiynavislik anʼanalarining davomi sifatida hozirgi oʻzbek sheʼriyatida ancha keng tarqalgan sheʼr shakli; shakl jihatidan tasniflanuvchi lirik janr. Mumtoz lirikadagi ruboiy va tuyuqdan farqli oʻlaroq, T. janriga kiritish uchun sheʼrning toʻrt misradan iborat boʻlishi kifoya: unga ruboiy yoki tuyuqqa koʻyilgan kabi vazn, kompozitsiya bilan bogʻliq qatʼiy talablar qoʻyilmaydi. Maʼlumki, aruzda yozilgan har qanday toʻrt misrali sheʼr ham ruboiy boʻla olmaydi, buning uchun sheʼr hazaj bahrining 24 tarmogʻidan birida yozilishi shart. Demak, mantiqan qaralsa, T. aruzda ham, barmoqda ham yozilishi mumkin. Mas., Choʻlponning “XX asr”, “Parcha” nomli hamda “Lola gulning dogʻidur...” deb boshlanuvchi T.lari ramal bahrida yozilgan. Shunga qaramay, yangi oʻzbek sheʼriyatida T.lar, asosan, barmoqda yozilmoqda. Mavzu jihatidan chegaralanmagani, voqelikdan olingan taassurotlar, hayot haqidagi fikr-xulosalarni ixcham, loʻnda ifodalash imkonini bergani uchun T. janri yangi davr sheʼriyatida ham keng ommalashdi. Oʻzbek adabiyotida Oybek, H.Olimjon, M.Shayxzoda, Uygʻun, Shuhrat, Ramz Bobojon, T.Yoʻldosh, A.Oripov, E.Vohidov, R.Parfi, O.Matjon, H.Xudoyberdiyeva kabi shoirlar ijodida T. janrining yaxshi namunalarini uchratish mumkin.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish