← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Urjuza

Urjuza (ar. ارجوزه – rajazda yozilgan) – masnaviy tipida qofiyalanib, “rajazi musaddas” vaznida yoziluvchi ilmiy sheʼr. Arablarda dastlab yaratilgan barcha sheʼrlar rajaz bahrida boʻlgan, shu bois rajaz atamasi umuman sheʼr maʼnosida ishlatilgan. XI asrda yaratilgan “Devonu lugʻotit turk” muallifi M.Koshgʻariy ham atamani sheʼr maʼnosida qoʻllaydi, uning: “Men bu kitobni maxsus alifbe tartibida hikmatli soʻzlar, sajʼlar, maqollar, rajaz va nasr deb atalgan adabiy parchalar bilan bezadim”, – deb yozishi shuni koʻrsatadi. Aruz imkoniyatlari kengayib, bahrlar koʻpaygach, endi rajaz atamasi umuman sheʼr emas, bahrlardan biri maʼnosida qoʻllana boshlandi. Etimologik jihatdan rajaz atamasi bilan bogʻliq U. termini esa yuqorida zikr etilgan shakl xususiyatlariga ega ilmiy mavzudagi sheʼrni anglata boshladi. Terminning bu maʼnosi U. shaklidagi ilmiy sheʼrlarning ilgari rajazda bitilgan qasidalardan kelib chiqqani bilan izohlanadi. Mas., Ibn Sinoning “Tibbiy urjuza” dostoni, “Tibbiy oʻgitlar haqida urjuza”, “Anatomiyaga doir urjuza” kabi tabobatga oid jami sakkizta asari, XIII asrda yashagan arab tilshunosi Muhammad ibn Molikning arab grammatikasi haqidagi “Alfiyya” (“Ming bayt”) asari, XV asrning ikkinchi yarmida yashagan arab dengizchisi Ahmad ibn Mojidning suvda suzish qoidalariga oid uchta asari shunday U.lardandir. Taʼkidlash joizki, U. boʻlishi uchun asar rajaz bahrida boʻlishi va, albatta, a-a, b-b, v-v tarzida qofiyalanishi shart hisoblangan. Mas., Ibn Sinoning “Tibbiy urjuza” dostonidan keltirilgan quyidagi baytlar shu koʻrinishda qofiyalangan:

Tanada gar paydo boʻlsa qanday maraz,

Tibdan topar davosini har bir araz.

Ilmiy, amaliyga boʻlindi tib avval,

Boʻldi uch narsadan ilmiysi mukammal.

U narsaning biri yetti tabiatdir,

Andin soʻngra kelgan olti zaruratdir.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish