← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Uslub

Uslub (ar. اسلوب – tartib, usul, yoʻsin, tarz) – poetikaning muhim kategoriyalaridan biri; badiiy asarning u yoki bu tarzdagi shakliy qurilishini belgilovchi umumiy prinsip. U. antropologik, yaʼni ijodkor shaxsi bilan bogʻliq kategoriya sanalib, uning ijodiy individualligini belgilaydi. U.da namoyon boʻluvchi ijodiy individuallik badiiy asarning barcha sathlarida (badiiy matnning tuzilishi – ritorika, badiiy voqelikni yaratish prinsiplari – poetika) birdek koʻzga tashlanadi. Yaʼni U. badiiy shaklning unsuri emas, balki unga xos xususiyatdir. U. asardagi shakl unsurlarining oʻz holicha emas, balki muayyan qonuniyat asosida yaxlitlikka birikishini taʼminlaydi, har bir unsurning butun tarkibidagi mohiyati va funksiyasini belgilaydi. Ilmiy muomalada “Uslub – odam” (J.Byuffon) degan qarashning ommalashishi bejiz emas: asar oʻzida ijodkor shaxsini ifodalar ekan, buni U.da namoyon etadi. Aytaylik, A.Qahhorga xos jumla tuzish, A.Qahhorga xos rivoya, A.Qahhorga xos badiiy detallar funksionalligi, A.Qahhorga xos syujet qurilishi deyilishining boisi shundaki, bularning bari A.Qahhor uslubi bilan, uning ijodiy oʻziga xosligi bilan izohlanadi. Shu bilan birga, adabiyotshunoslikda U. termini individual uslubdan kengroq doirada ham tushuniladi. Maʼlumki, ijodkor faoliyati muayyan bir davrda, adabiy-estetik prinsiplari jihatidan yaqin boʻlgan guruhlar doirasida kechadi, demak, unga xos badiiy asar shaklini belgilovchi prinsiplar bilan boshqa ijodkorlar tayangan prinsiplarda mushtarak jihatlar kuzatilishi tabiiy. Bu esa muayyan adabiy davr U.i (mas., uygʻonish davri U.i), adabiy yoʻnalish U. (mas., klassitsizm U.i, romantizm U.i) haqida gapirish imkonini beradi. Demak, U. faqat ijod jarayoni, konkret ijodkor bilangina emas, maʼlum darajada adabiy jarayon bilan ham bogʻliq kategoriya ekan. Har ikki holda ham U. qator muhim vazifalarni bajaradi. Jumladan, ijod jarayonida U. sanʼatkorni voqelikni yaxlit idrok qilish, hayot materialini (dispozitsiya) yaxlit badiiy sistemaga (kompozitsiya) aylantirishga yoʻnaltiradi. Adabiy jarayonga nisbatan olinsa, U. badiiyatning rivojlanish oʻzanidagi ijodkorni adabiy anʼana bilan bogʻlaydi va shu tariqa, bir tomondan, oʻzida adabiy-badiiy anʼanani tashuvchi, ikkinchi tomondan, uni yangilovchi hodisa sifatida namoyon boʻladi. Shuningdek, badiiy asarning keyingi hayoti, ijtimoiy mavjudligi (ontologiyasi) ham U. bilan belgilanadi. Zero, U. asarni konkret oʻquvchiga moʻljallaydi, badiiy shakl oʻquvchining tafakkur darajasi va estetik didiga mos boʻlishini taʼminlaydi. Bularning bari U. hayot materiali va adabiy anʼanalarga saylab munosabatda boʻladigan, jamiyatning badiiy-estetik talab-ehtiyojlari, umummaʼrifiy va madaniy saviyasi, estetik did darajasi bilan bogʻliq hodisa ekanligini koʻrsatadi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish