← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Varvarizm

Varvarizm (lot. barbaris – oʻzga yurtniki) – oʻzga tildan oʻzlashtirilgan soʻz yoki jumla. Badiiy asar matniga koʻproq qahramonlar nutqini individuallashtirish, davr yoki muhit koloritini aks ettirish kabi maqsadlarda kiritiladi. Oʻzlashtirish qaysi tildan amalga oshganiga qarab, baʼzan V.ning gretsizm, latinizm, germanizm, gallitsizm, polonizm, azianizm kabi koʻrinishlari ham ajratiladi. Oʻzbek adabiyotida V.ning arab, fors, rus tillaridan olingan koʻrinishlari koʻproq uchraydi. Xususan, maktab va madrasa taʼlimida arab va fors tillarining oʻrni katta boʻlgani sababli, XX asr boshlarigacha ulardan olingan soʻzlar juda koʻp qoʻllangan. Mas., A.Qodiriy “Mehrobdan chayon”da yozadi: “Xudoyor muhr bosish asnosi yozilgʻan yorligʻ va nomalarni oʻqutub eshitar, munshilarning eshitilmagan arab va fors soʻzlari orqaliq toʻqugʻan yarim turkiy jumlalariga aksar vaqt tushunmas: “Enalaringʻ arapqa tekkanma?” deb mirzo, muftilarni koyir edi”. Xudoyorxonning koyishi bejiz emas, A.Qodiriy buning sababini izohlash uchun ular insho etgan yorliqni keltiradiki, undan bir parcha budir: “Adoyi hadama asnosi biz amiri vazifa mutlaqalʼinon dorus-saltananing haqqi sharʼiysigʻa xiyonat qilishdin ijtinob, adolatimiz oyinasini danonat gʻuboroti birlan xalador aylashdin parhez, arzi dodi fuqaromiz surʼati istimoʼida ihmol va sustlik koʻrsatmay intishori adolatimiz koʻshishida subhi shom mashgʻul va mabzul, diqqat va eʼtibori qilgʻay deb va yana mazkur ismigʻa yorligʻ maktub boʻlmish itoatigʻa afrodi devonxonamiz maʼmurlar deb, muhri shohonamiz birlan taʼkid va taqrir etdik”. Yozuvchining oʻzi satr osti izohida yorliqning uchdan birini tashkil etuvchi mazkur parchadagi 11 ta soʻz (jami 21 ta) tarjimasini bergan. Holbuki, ularning soni bundan koʻproqni tashkil qilishi ham mumkin edi. XX asrdan boshlab esa tilimizda rus (va rus tili orqali boshqa tillardan kirib kelgan) soʻzlarning faollashuvi kuzatiladiki, jonli soʻzlashuvdagi bu hol adabiyotda ham oʻz aksini topadi. Jumladan, A.Qodiriy yaratgan Kalvak maxzum va Toshpoʻlat tajang, Fitrat yaratgan Pochamir kabi mashhur personajlar nutqida arab-fors soʻzlari qatori yakkam-dukkam ruscha soʻzlar ham qoʻllanadi, bu esa davr jonli soʻzlashuv tiliga xos xususiyatlarni tasavvur etish imkonini beradi. Oʻtgan asrning 30-yillariga kelib sheʼriyatimizda ruscha soʻzlarni qoʻllash “moda”si paydo boʻldiki, bu hol, xususan, kunning dolzarb mavzularida yaratilgan publitsistik ruhdagi sheʼrlarda koʻp uchraydi. Mas., Gʻ.Gʻulom bir sheʼrida yozadi:

Biz kuychilar, proletar –

Mozollangan qoʻllarning

Koʻz nurlari.

Shoir oʻzbekcha qilib “qadoq”, “qadoqli” yoki “qadoq bosgan” deyish oʻrniga “mozollangan” soʻzini ishlatadi. Bu oʻrinda V.ning qoʻllanishi muayyan badiiy-estetik vazifa bajarmaydi, demak, u oddiygina modaga ergashishdan boshqa narsa emas. XX asr 80-yillari nasrida personajlar nutqida V.larning qoʻllanishi ularning maʼnaviy-axloqiy qiyofasini ochish, ular harakatlanayotgan muhit xususiyatlarini aks ettirishga xizmat qildi, manqurtlashayotgan toifaga, davrning ogʻriqli muammolariga munosabatni ifodalash vositalaridan biri sifatida keng foydalanildi (M.M.Doʻst. “Isteʼfo”, E.Aʼzam. “Bayramdan boshqa kunlar” va b.)

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish