← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Vasf

Vasf (ar. وصف – tavsiflash, tasvirlash, sifatlash) – biror narsa, hodisa yoki shaxsni maqtash, madh etish, chiroyli oʻxshatishlar, majoziy iboralar bilan taʼrifu tavsif berish. V. alohida janr emas, balki tavsifiy xarakterdagi qator janrlar (qasida, madhiya, faxriya va b.)ga xos ifoda yoʻsini, usulidir. V. xarakteridagi sheʼrlar qasidadan ajralib chiqqan boʻlib, johiliyat davri arab sheʼriyatida shoirlar oʻz tuyasi, oti yoki boshqa vahshiy hayvonlarni, sahrodagi turli hodisalarni V. qilib sheʼrlar bitgan boʻlsa, keyinchalik uning mavzu koʻlami kengaydi: biror shaxs, shahar, bino, yil fasllari, oy, qalam yoki qalamdon, boshqa biror buyum, zeb-ziynat va sh.k.larni tavsiflash maqsadida sheʼrlar bitildi. Koʻrinadiki, V.ning mavzusi cheklangan emas. Shunga qaramay, mumtoz sheʼriyatimizda maʼshuqa yoki uning biror uzvini tavsiflashga bagʻishlangan sheʼrlar (mas.: “Kokuling”, “Sochlaring”, “Qoshlaring”, “Surating” radifli gʻazallar) koʻproq uchraydi. Odatda, shoir biror narsani V. qilar ekan, uning jamiyatdagi yoki oʻz hayotidagi oʻrni, ahamiyatiga baho beradi, unga oʻzining munosabatini ifodalaydi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish