← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Yumor

Yumor (ingl. humour – kayfiyat, moyillik) – 1) komiklik turlaridan biri. Badiiy asarda kishilar, voqea-hodisalar ustidan yengil, doʻstona, begʻaraz kulish. Yu.da kulgililik ochiq-oshkora namoyon boʻladi, ammo oshkor kulgi ostida yengil-yelpi hazil, koʻngilxushlik maqsadi emas, jiddiylik mavjud. Yu. oʻz obyektida qisman boʻlsa-da idealga muvofiq jihatlarni koʻradi, uni mukammallashtirish, nuqsonlarini bartaraf qilish, undagi umuminsoniy qimmatga molik jihatlarni yuzaga chiqarish maqsadini koʻzlaydi. Shuning uchun ham Yu.da tanqid ruhi, nuqsonlar ustidan kulish bilan birga xayrixohlik, achinish ham mavjud. Yu.ning qatʼiy chegaralarini belgilash nihoyatda mushkul, shu bois u, koʻpincha, komiklikning satira, kinoya, sarkazm (q.) kabi koʻrinishlari bilan qiyosan tushuntiriladi. Jumladan, manbalarda Yu.ning satiradan farqli oʻlaroq, obyektni toʻla emas, balki uning ayrim jihatlarinigina inkor qilishi taʼkidlanadi. Yu.da kulgi niqobi ostida jiddiylik, kinoyada esa jiddiiylik niqobi ostida kulgi yashiringan boʻladi. Shu qarashlardan kelib chiqib, baʼzan obyektga nisbatan xayrixoh munosabatni Yu.ning belgilovchi xususiyati sifatida koʻrsatish hollari ham bor. Biroq bu qarashga toʻla qoʻshilib boʻlmaydi, chunki Yu.ning emotsional diapazoni gʻoyatda keng boʻlib, u shafqat va hamdardlikdan (Gʻ.Gʻulom. “Mening oʻgʻrigina bolam”) tortib shafqatsiz (A.Qahhor. “Boshsiz odam”), hatto “qora yumor”gacha qamrab oladi. Sarkazm, zakiylik, karikatura kabi komiklik koʻrinishlaridan farqli ravishda, Yu. va satira asar pafosi darajasiga koʻtarilishi mumkin. Yu.ga pafos koʻrinishi sifatida qaralganda, uning idealga butunlay zid boʻlmagan obyektga qaratilgan boʻlishi (G.Pospelov) nazarda tutiladi. Agar yumoristik pafos obyektga maʼnaviy-axloqiy mavqedan yondashsa, satirik pafos obyektning ijtimoiy mavqedan turib inkor qilinishini koʻzda tutadi. XX asr jahon adabiyotida Yu.dagi xayrixohlik, asosan, saqlanib qolgani holda, achinish tuygʻusi susayib borgani kuzatiladi. Mazkur hol, ayniqsa, modernistik va postmodernistik adabiyotlarda yaqqol koʻzga tashlanadiki, ularda “qora yumor” ustuvorroq mavqe tutadi. Bu esa ularning dunyoqarashidan kelib chiquvchi obyektni oʻzgartirish, tuzatish imkonlariga ishonmaslik, bunga umidsiz qarash natijasidir; 2) badiiylik modusi. Yu.ga xos “men – olamda” konsepsiyasiga koʻra, qahramon ijro etayotgan rol uning taqdiri yoki burchi emas, balki bir niqob, xolos. Yumoristik modusdagi eng oliy qadriyat – individuallik, faqat bu individuallik qahramon muttasil almashtirib turuvchi niqob ortida qolib ketadi. Yumorist oʻz vazifasini niqob ortidagi mohiyatni, individuallikni koʻrish va koʻrsatishda deb biladi. Muhimi, boshqa moduslardagi kabi, qahramon yumorist uchun ham oʻzini anglash obyekti, yaʼni muallif qahramon (uning oʻz niqobiga mos dalli-devona qiliq-harakatlari) orqali niqobdan xalos boʻlish yoʻlini “yashab oʻtadi”. Xuddi shu yoʻlni asarni qabul qilish jarayonida oʻquvchi ham bosib oʻtadiki, shu jihatdan subyekt – obyekt – oʻquvchi birligi haqida, demak, badiiylik modusi haqida gapirish mumkin boʻladi. Mas., E.Vohidovning “Donishqishloq latifalari” turkumiga kirgan sheʼrlarning har biri – Matmusaning turli hayotiy holatlardagi “niqob”lari. Bu voqealar – Matmusaning oʻzini namoyon etish, nimalarga qodirligini koʻrsatib qoʻyish, mavjudligini tasdiqlash yoʻlidagi xatti-harakatlari. Lekin mazkur xatti-harakatlarda koʻp nomuvofiqliklar (maqsad bilan imkon, maqsad bilan vosita, daʼvo bilan reallik va h.) kuzatiladiki, qachonki qahramon shuni anglasa, niqobdan xalos boʻlishi va oʻzligiga qaytishi mumkin. E.Vohidov latifalarida Matmusa doim ham niqobdan xalos boʻlmaydi. Lekin shoir niqobdan xalos boʻlish zaruratini anglatadi, yaʼni Matmusa eplay olmagan ishni kitobxon uddalashiga umid qiladi. Shu asosda turkumni oʻqish jarayonida subyekt – obyekt – oʻquvchi birligi taʼminlanadi, “Donishqishloq latifalari” yaxlit holda yumoristik badiiylik modusiga taalluqli boʻladi.

“YANGI ROMAN” – XX asrning 50-yillarida maydonga chiqqan bir qator fransuz yozuvchilari (N.Sarrot, A.Rob Griye va b.)ning roman bobidagi eksperimental izlanishlariga xos xususiyatlarni anglatuvchi shartli termin. Ya.r. tarafdorlari anʼanaviy proza oʻz imkoniyatlarini toʻla sarf etib boʻlgan deb hisoblab, yangicha rivoya yoʻsinini ishlab chiqishga harakat qilganlar. Ya.r. namoyandalarining qarashlari “inson oʻlimi” falsafasiga (A.Fuko) hamohang: ular shaxs tushunchasining oʻzi eskirgan, shuning uchun ham uni anʼanaviy prozadagi kabi markazga qoʻyib tasvirlash, anʼanaviy tarzda badiiy talqin qilishni nooʻrin bilib, qahramonsiz va voqeaband syujetsiz romanlar yaratishni tajriba qiladilar. Anʼanaviy roman, umuman, eposga xos mazkur eng muhim unsurlar Ya.r. namoyandalari tajribalarida tashqi dunyodagi narsalarning xolis va boʻrtiq tasviri, ongosti qatlamlaridagi sirli evrilishlar, mozaika qonuniyati asosida butunlikka birikuvchi fikr-kechinmalar bilan almashtiriladi, rivoya koʻproq essega xos xususiyatlar kasb etadi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish