← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Yechim

Yechim – syujet unsuri; epik yoki dramatik asar asosida yotgan asosiy voqealar rivojining yakuni, ularning nihoyasida qahramonlar ruhiyatida, taqdirida yuzaga kelgan holatni, personajlar orasidagi konfliktning yechimini bayon etuvchi syujet qismi. Ye.da konfliktli holat, qahramonlar orasidagi ziddiyatlar oʻzining badiiy yechimini topadi. Biroq bu qatʼiy qoida emas. Koʻplab asarlarda Ye.dan soʻng ham ziddiyatlar, qahramonlar taqdiridagi chigalliklar hal qilinmaganicha qolaveradiki, bu oʻquvchini oʻylashga, mushohada qilishga undaydi. Yaʼni tom maʼnodagi Ye.ning mavjud emasligi asarning taʼsir kuchini, oʻquvchining ijodiy faolligini oshirishga xizmat qiluvchi usulga aylanadi. Mas., P.Qodirovning “Erk”, O.Yoqubovning “Matluba”, “Qanot juft boʻladi”, X.Sultonovning “Saodat sohili” kabi qissalarida shunday. Demak, Ye.ni asardagi konflikt (va u orqali qoʻyilgan problema)ning yechimi sifatida emas, balki undagi voqealar rivojining yakuni, natijasi sifatida tushunish toʻgʻriroqdir. Ye. turli tipdagi syujetlarda turli darajada namoyon boʻladi. Arastu taʼbiricha, “boshlanishi, oʻrtasi va oxiri” boʻlgan konsentrik (q. syujet) syujetli, tugundan Ye.ga tomon rivojlanib boruvchi oʻzaro sabab-natija munosabati asosida bogʻlangan voqealar silsilasidan iborat syujet asosiga qurilgan asarlarda Ye., yaʼni “tugunning yechimi” boʻlgan voqeaning oxiri yaqqol koʻzga tashlanadi. Ayni paytda, adabiyotda xronikali (q. syujet), Arastu taʼbiricha, episodik syujetga qurilgan asarlar ham keng tarqalgan boʻlib, ularda Ye. yaqqol koʻzga tashlanmaydi. Aniqrogʻi, bunday asardagi har bir epizod oʻz Ye.iga ega boʻladi, epizodlar orasida esa sabab-natija munosabati emas, davriy munosabat yotadi. Mas., “Oʻtgan kunlar” romanida birinchi epizodning Ye.i – Otabekning uylanishi, ikkinchi epizodniki – Otabekning gʻanimlarini yer bilan yakson qilishi, uchinchi epizodning Ye.i – Kumushning oʻlimi. Asarda syujetning xronikalilik darajasi ortgani sari syujet Ye.i xiralashib boradi, yaʼni endi undagi “tugunning yechimi” maʼnosi yoʻqolib, “voqealarning oxiri” maʼnosi boʻrtadi. Mas., P.Qodirovning “Yulduzli tunlar” romani.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish