Xriya (yun. chrao – maʼlum qilmoq, naql qilmoq) – aforistikaning janr koʻrinishlaridan biri, ulugʻ zotning konkret sharoit bilan bogʻliq holda aytgan ibratli gapi yoki amali haqidagi jajji hikoya. Antik ritorikada X.larga notiq fikrini dalillash uchun ishlatilgan vosita deb qaralgan. Aforizmdan farqi shuki, X.da ibratli gap aytilgan konkret sharoit ham bayon etiladi. Mas.: “Keksaygan chogʻida xastalanib qolgan Suqrotdan kimdir hol soʻrab, ishlari qanday ketayotganini soʻradi. Faylasuf aytdiki: “Har jihatdan yaxshi: mabodo sogʻayib ketsam, hasadgoʻylarim koʻpayadi, oʻlsam – doʻstlarim”.
Хрия (юн. chrao – маълум қилмоқ, нақл қилмоқ) – афористиканинг жанр кўринишларидан бири, улуғ зотнинг конкрет шароит билан боғлиқ ҳолда айтган ибратли гапи ёки амали ҳақидаги жажжи ҳикоя. Антик риторикада Х.ларга нотиқ фикрини далиллаш учун ишлатилган восита деб қаралган. Афоризмдан фарқи шуки, Х.да ибратли гап айтилган конкрет шароит ҳам баён этилади. Мас.: “Кексайган чоғида хасталаниб қолган Суқротдан кимдир ҳол сўраб, ишлари қандай кетаётганини сўради. Файласуф айтдики: “Ҳар жиҳатдан яхши: мабодо соғайиб кетсам, ҳасадгўйларим кўпаяди, ўлсам – дўстларим”.
Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.