← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Zihof

Zihof (ar. زحاف – oʻzgargan, aslidan uzoqlashgan, chetlashgan, joyidan qoʻzgʻolgan) – aruz sheʼr tizimi asosini tashkil qiluvchi 8 aslning sifat yoki miqdor jihatidan turli oʻzgarishlarga uchrashi. Asllarning Z.ga uchrashi natijasida ularning turli tarmoqlari – furuʼlar hosil boʻladi. Asllar uch xil yoʻl bilan Z.ga uchrashi mumkin: 1) hijolarning miqdor jihatdan oʻzgarishi. Bunda rukn tarkibidagi hijolar soni oʻzgaradi, yaʼni asosan, rukn tarkibidan bir yoki bir necha hijo tushib qoladi. Mas., foilotun aslining hazf Z.iga uchrashi natijasida oxirgi choʻziq hijo (tun) tushib qoladi va foilun (mahzuf) furuʼsi hosil boʻladi; 2) hijolarning sifat jihatdan oʻzgarishi. Bunda rukn tarkibidagi hijolar sifati oʻzgaradi, yaʼni choʻziq hijo qisqa yoki oʻta choʻziq hijoga, qisqa hijo choʻziq yoki oʻta choʻziq hijoga, oʻta choʻziq hijo qisqa yoki choʻziq hijoga aylanadi. Mas., mafoiylun aslining kaff Z.iga uchrashi natijasida oxirgi choʻziq hijo (lun) qisqa hijoga aylanadi va mafoiylu furuʼsi (makfuf) hosil boʻladi; 3) rukn tarkibidagi hijolar bir paytning oʻzida ham miqdor, ham sifat jihatdan oʻzgarishga uchraydi, yaʼni rukn tarkibidagi bir yoki bir nechta hijo tushirilib, qolgan hijolardan birida sifat oʻzgarishi yuz beradi. Mas., mafoiylun aslining qasr Z.iga uchrashi natijasida oxirgi choʻziq hijo (lun) tushirilib, undan oldingi choʻziq hijo (iy) oʻta choʻziq hijoga (iyl) aylanadi va mafoiyl furuʼsi (maqsur) hosil boʻladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish