← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Adabiy anʼana

Adabiy anʼana – oʻtmish adabiyoti toʻplagan ijodiy tajribalar qaymogʻi, davrlar oʻtishi bilan ahamiyati va dolzarbligini yoʻqotmagan, boqiy qadriyatga aylanib, avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan qismi. Demak, A.a. doirasiga oʻtmish adabiyoti erishgan yutuqlar, toʻplagan tajribalarning hammasi ham emas, balki uning muayyan davr ijodkorlari tomonidan dolzarb deb topilgan, boqiy qadriyat sifatida baholangan va oʻz ijodiy faoliyatlarida namuna deb hisoblagan qismigina kiradi. Har bir avlod oʻtmish adabiyotiga saylab munosabatda boʻladi, unga faol ijodiy yondashadi, salaflar tajribasini oʻz davri qoʻygan badiiy-estetik vazifalarni bajarishga xizmat qildiradi. Shunga koʻra, A.a. va yangilik (q. novatorlik) hamqadamligi qonuniy hodisa boʻlib, bu ikkisi dialektik aloqadagi birlikni tashkil etadi va adabiyot taraqqiyotining muhim ichki omiliga aylanadi. Har bir davr oʻzidan oldingi davr adabiyotida mavjud eng yaxshi jihatlarni oʻziga singdiradi va unga nimadir qoʻshishga intiladi, shu asosda taraqqiyot jarayonining uzluksizligi taʼminlanadi. Adabiyotdagi vorisiylik, A.a.larga sodiqlik milliy adabiyotdagi oʻziga xoslik, milliy qiyofani yoʻqotmaslik kafolatidir. Tabiiyki, boy A.a.ga tayangan adabiyotning rivojlanish imkoniyatlari boshqalarga nisbatan yuqori boʻladi. Mas., xalqimizning boy adabiy-madaniy anʼanalari XX asr boshlarida kuzatilgan yangi oʻzbek adabiyotining shakllanish jarayoni tez kechishini taʼminladi: adabiyotimiz juda qisqa fursat ichida jahon adabiyotidagi yutuqlarning koʻpini ijodiy oʻzlashtirdi, oʻzining badiiy arsenalini boyitdi. Aytaylik, roman Gʻarb adabiyotiga xos janr ekanligi, uning oʻzbek adabiyotida oʻzlashishi 20-yillarga toʻgʻri kelishi maʼlum. Biroq gʻarbona shakl milliy adabiyotimizni boyitdigina emas, balki adabiy anʼanalarimiz zaminida uning oʻzi ham boyidi – oʻzbek romanchiligi dunyoga keldi. Milliy romanchiligimizning ilk namunasi boʻlmish “Oʻtgan kunlar”dan boshlab “Otamdan qolgan dalalar”gacha boʻlgan namunalarida ming yilliklar bilan oʻlchanadigan adabiy-madaniy anʼanalarimiz izlari bor, shu tufayli ham u oʻzining qiyofasiga ega “oʻzbek romani”dir.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish