← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Adabiy maktab

Adabiy maktab (ruschadan kalka: “literaturnaya shkola”) – adabiy yoʻnalish ichidagi hodisa, muayyan gʻoyaviy-estetik qarashlar, ijodiy prinsiplarni dasturiy tarzda qabul qilgan ijodkorlar guruhi. Mas., fransuz romantizm adabiyotidagi “Parnas” guruhi shunday ijodkorlarni birlashtirgan boʻlib, “parnas”chilarning gʻoyaviy-estetik qarashlari, ijod namunalari “Yangi Parnas” nomi bilan chop etilgan toʻplamlarda oʻz aksini topgan. XX asr boshlarida rus adabiyotida maydonga chiqqan modernistik yoʻnalish ichida simvolizm, akmeizm, futurizm kabi oqimlar, futurizm oqimi ichida esa, mas., kubofuturizm deb yuritiluvchi adabiy maktab boʻlgan. V.Xlebnikov, V.Mayakovskiy singari isteʼdodli ijodkorlarni birlashtirgan kubofuturistlarning “Gileya” guruhi oʻz adabiy-estetik qarashlari, ijodiy prinsiplarini “Jamiyat didiga tarsaki” nomli manifestda eʼlon qilgan.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish