← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Adabiy oqim

Adabiy oqim (ruschadan kalka: “literaturnoye techeniye”) – adabiy jarayon bilan bogʻliq kategoriya, muayyan davr adabiyotidagi adabiy yoʻnalishning bir koʻrinishi, oʻziga xos bir varianti. Tipologik umumiylik bir yoʻnalishga mansub ijodkorlarning ham gʻoyaviy yoki estetik jihatdan oʻziga xos tomonlari boʻlishini inkor qilmaydi. Yaʼni bir yoʻnalish doirasidagi asarlarda turlicha ideallar, dunyoqarash aks etishi, badiiy-estetik prinsiplarda muayyan farqlar kuzatilishi tabiiy hodisadir. Bu narsa bir yoʻnalish ichida alohida guruhni tashkil etayotgan ijodkorlarga xos tipologik umumiylik haqida, adabiy yoʻnalishning varianti sifatida boʻy koʻrsatuvchi A.o. haqida gapirishga imkon beradi. Mas., barokko yoʻnalishining varianti sifatida ispan adabiyotidagi gongorizm, italyan adabiyotidagi marinizm yoki fransuzlarning pretsioz adabiyotini koʻrsatish mumkin. Deylik, gongorizm gʻoyaviy-estetik prinsiplari (Uygʻonish davri ideallariga zidlik, uslubning jimjimadorligi, obrazlarning metaforikligi) jihatidan barokkoga mansub etiladi, ayni chogʻda, unda arab sheʼriyati taʼsirida bu xususiyatlar (majoziylikning oʻta kuchayishi, uslubning murakkablashuvi, fikrni yashirin ifodalash, fikrni zakiylik bilan aytishga intilish va b.) oʻziga xos tarzda namoyon boʻladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish