← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Adabiy tanqid

Adabiy tanqid (ar. نقد - muhokama qilish, saralash) – adabiyotshunoslikning asosiy sohalaridan biri. A.t. hozirgi adabiy jarayon muammolarini oʻrganish, yangi paydo boʻlgan asarlarni bugungi kun nuqtai nazaridan gʻoyaviy-badiiy tahlil va talqin etish, baholashni maqsad qilib qoʻyadi. A.t. adabiyotshunoslikning operativ, joriy adabiy jarayonga bevosita aralashadigan sohasidir. Aytish kerakki, A.t.ni adabiyotshunoslikning tarkibiy qismi sifatida tushunish umumeʼtirofga molik qarash emas. Ayrim mutaxassislar A.t.ni adabiyotshunoslik ilmining tarkibiy qismi emas, balki adabiy yoki publitsistik ijodning bir turi deb hisoblaydilar. Bu narsa A.t.ning oʻzigagina xos, adabiyotshunoslikning boshqa sohalaridan farqlanuvchi xususiyatlari bilan izohlanadi. A.t. oʻzida adabiyotshunoslik ilmi, badiiy adabiyot va publitsistikaga xos jihatlarni uygʻunlashtiradi. Avvalo, adabiy-tanqidiy asar faqat ilmiy doiralarga emas, balki keng auditoriyaga moʻljallab yoziladi. Unda adabiy asar bahona kunning dolzarb ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy masalalaridan ham bahs etiladi. Shunga koʻra, uning tili – ilmiy-ommabop til. Boz ustiga, badiiy asar haqida soʻz borarkan, tanqidchi faqat tushunchalar vositasida emas, baʼzan obrazli tafakkur unsurlari bilan ham fikrlaydi; mantiqiygina emas, hissiy mushohadalarga ham tayanadi. Badiiy asar haqida fikr yuritayotgan, uni bugungi kun nuqtai nazaridan baholayotgan tanqidchi oʻquvchi ommaga bevosita taʼsir qilishni ham koʻzda tutadi. Ayni paytda, badiiy asarni tahlil qilayotgan tanqidchining fikrlari adabiyot nazariyasiga, adabiyotshunoslik ilmining yutuqlariga asoslanadi. Bularning bari A.t.ni adabiyotshunoslik, badiiy adabiyot va publitsistika oraligʻidagi hodisaga aylantiradi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish