← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Adabiy taʼsir

Adabiy taʼsir (ruschadan kalka: “literaturnoye vliyaniye”) – adabiy jarayonda tabiiy ravishda va qonuniyat maqomida mavjud boʻlgan, badiiy tafakkur rivojida muhim ahamiyatga molik hodisa. A.t. adabiy-badiiy hodisalarning zamon va makondan qatʼi nazar, oʻzaro aloqada yashashi oqibati oʻlaroq voqe boʻladi. Demak, A.t. bitta milliy adabiyot yoki adabiyotlararo aloqalar, bir davr adabiyoti yoki turli davrlar adabiyoti doirasida ham kuzatiladi. Shunga koʻra, A.t.ning koʻlami va darajasi turlicha (umumiy va shaxsiy) boʻlib, ular bir qator omillarga bogʻliqdir. Deylik, turli xalqlarning yashash hududi, turmush tarzi, eʼtiqodi kabi omillardagi mushtaraklik (mas., forsiy va turkiy adabiyotlar) yoki muayyan tarixiy sharoitda turli xalqlar orasidagi oʻzaro iqtisodiy, siyosiy va madaniy aloqalarning kuchayishi (mas., rus adabiyoti bilan oʻzbek adabiyoti) bir milliy adabiyot tajribalarining boshqa bir milliy adabiyot tomonidan ijodiy oʻzlashtirilishiga olib keladi. Milliy adabiyotlar doirasida kechuvchi A.t. bilan bir qatorda shaxsiy A.t. ham borki, ahamiyati jihatidan u avvalgisidan aslo kam emas. Har qanday ijodkor faoliyatining ilk bosqichida salaflarning muayyan taʼsiri mavjudki, bu oʻsha ijodkorning shakllanishida, uning oʻz ijodiy individualligiga ega boʻlishida muhim ahamiyatga egadir. Maʼlumki, A.Qahhor ijodida, ayniqsa, uning ilk hikoyalarida rus adibi A.P.Chexov asarlarining taʼsiri yaqqol seziladi. Chinakam isteʼdod egasi sifatida A.Qahhor salafiga ijodiy ergashish bosqichidan u bilan ijodiy musobaqalashish darajasiga koʻtarila oldi, rus adibi qoʻllagan usul va vositalarni milliy adabiyot anʼanalari bilan omixtalashtirib, ularni milliy adabiyotimiz zaminida koʻkartira bildi, shu tufayli ham oʻzbek hikoyachiligining tan olingan ustasi maqomiga erishdi. Ayni chogʻda, A.Qahhor ijodida N.V.Gogol, I.Turgenev, J.London, O’Genri kabi adiblarning ham turli darajadagi taʼsiri seziladi: Gogol taʼsiri koʻproq uslubda, voqelikka kinoyali munosabatda; I.Turgenev va O’Genri taʼsiri ayrim hikoyalarning, J.London taʼsiri esa “Sarob” romanining ichki strukturasida koʻzga tashlanadi. Bundan ayon boʻladiki, ulkan isteʼdod egalari yaratgan asarlarning taʼsiri keyingi avlodlar ijodida turli darajada namoyon boʻladi. Mas., Alisher Navoiy ijodining taʼsiri mumtoz sheʼriyatimizning undan keyin qalam tebratgan deyarli barcha namoyandalari ijodida seziladi. Deylik, Munis va Ogahiy ijodida bu taʼsir boʻrtib koʻzga tashlansa, boshqa ijodkorlarda yaqqol koʻrinuvchi taʼsir alomatlari kamroq. Shu bilan birga, oʻzbek sheʼriyatida Navoiy dahosi taʼsiridan butkul xoli ijodkorni koʻrsatish mushkul. Chunki Navoiy singari ulkan daholar millat ruhiyatiga, milliy badiiy tafakkurga batamom singib ketadi – oʻziga xos atmosferaga aylanadiki, oʻsha atmosferadan nafas olganki ijodkor undan naflangan boʻladi. Demak, shundan kelib chiqqan holda A.t.ning bevosita va bilvosita koʻrinishlari haqida ham gapirish mumkin ekan.

Umuman olganda, adabiy aloqalar va ularning hosilasi boʻlmish A.t. adabiyot taraqqiyotida ijobiy hodisa sanaladi. Adabiy aloqa va A.t. tufayli u yoki bu milliy adabiyot taraqqiyotida sezilarli sifat oʻzgarishlari, keskin siljishlar kuzatilishi mumkin. Buni, mas., XX asr boshlaridagi oʻzbek adabiyoti misolida, yangi oʻzbek adabiyotining shakllanishida kuzatish mumkin. Oʻzbek adabiyoti jahondagi ilgʻor adabiyotlar asrlar davomida yetib kelgan darajaga qisqa vaqt ichida koʻtarila oldi. Birgina oʻzbek romanchiligi misolida qarasak ham, adabiyotimizda XX asrning I choragida qaror topgan romanchilik qisqa vaqt ichida jahon romanchiligi bilan boʻylasha oladigan darajaga yetganini, bunda boy milliy anʼanalar bilan birga adabiy aloqalar va A.t.ning juda katta oʻrni borligini koʻrish mumkin. Chunki oʻzbek romannavislari uchun jahon romanchiligining tayyor tajriba maktabi mavjud boʻlib, ular bundan milliy adabiy anʼanalarimiz zaminida samarali foydalana bildilar.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish